Kaliforniyada daraxtlar qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi

Kaliforniyada daraxtlar qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi

Kuchli yomg‘ir va qor yog‘ishi kuzatilgan Kaliforniya shtatida daraxtlarning qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, bir necha kishi jarohatlandi, deb xabar beradi The New York Times gazetasi.

Mahalliy ob-havo xizmati bu haftadagi xavfli bo‘ronlar bilan bog‘liq kuchli shamol va yog‘ingarchilik chorshanba kuni shtatning janubi-g‘arbiy qismiga o‘tishdan oldin pasayganini aytdi.

Chorshanba kuni Kaliforniyada ikkita tornado tasdiqlandi, bu AQShning mazkur qismida kam uchraydigan hodisa.

Milliy ob-havo xizmati chorshanba kuni ma’lum qilishicha, soatiga 75 mil (soatiga 120 kilometr) tezlikka erishgan birinchi tasdiqlangan tornado Santa-Barbaraning sharqidagi dengiz bo‘yida yuz berdi. Tornado 25 ta mobil uyga zarar yetkazdi.

Chorshanba kuni Los-Anjeles chekkasidagi Montebello shahrida ikkinchi tornado sodir bo‘lib, bir nechta binolarga zarar yetkazdi. Rasmiylar hali ham undan yetkazilgan zararni baholashmoqda.

Seshanba kuni tushdan keyin San-Fransisko janubidagi San-Mateo okrugida daraxt mashina ustiga qulashi oqibatida bir kishi vafot etdi. Polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, daraxt kuchli shamol va namlikning haddan tashqari ko‘tarilishi tufayli qulagan.

Seshanba kuni San-Fransisko shimoli-sharqidagi Kontra-Kosta okrugidagi o‘t o‘chiruvchilarning ma’lum qilishicha, yana bir katta daraxt mashina ustiga qulagan, natijada yo‘lovchi halok bo‘lgan va haydovchi jarohatlangan. Rasmiylarga ko‘ra, San-Fransisko hududida daraxtlar qulashi oqibatida yana ikki kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan.

Oklendda uysiz erkak Merritt ko‘lida joylashgan chodirga ulkan daraxt qulashi oqibatida halok bo‘ldi.

Shimoliy Kaliforniyada Santa-Kruz okrugi va Los-Anjeles janubidagi bir qancha yo‘llar transport harakati uchun yopildi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, Amtrak poyezdi ham Kaliforniyaning Martinez shahri yaqinidagi daraxtga urilgan.

Chorshanba kuni tushdan keyin shtat bo‘ylab 90 000 ga yaqin aholi, asosan, San-Fransisko ko‘rfazi hududida elektr ta’minotisiz qoldi. Los-Anjeles g‘arbida qisqa vaqt ichida tornado haqida ogohlantirish e’lon qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!