"Jenoa" Eldor Shomurodov bilan yangi maxsus intervyuni havola etdi (VIDEO)

"Jenoa" Eldor Shomurodov bilan yangi maxsus intervyuni havola etdi (VIDEO)

"Jenoa" jamoasining rasmiy kanalida Eldor Shomurodovning muxlisi, rossiyalik 13 yoshli havaskor sharhlovchi Maksim Istomin olgan intervyusi e’lon qilindi. Ushbu intervyuni o‘zbek tilida e’tiboringizga havola etamiz.

– Salom, Eldor, salom, muxlislar. Birinchi savolim, sizning ismingiz Eldor yoki Eldor?

– Eldor.

– Siz futbol o‘ynashni nechchi yoshda boshlagansiz? Dastlab qaysi pozisiyada o‘ynagansiz? 

– Men 6-7 yoshimda futbol o‘ynashni boshlaganman. Biz futbolchilar oilasimiz desam ham bo‘ladi. Otam, ikki tog‘am, akam futbolchi. Oilamizda hamma futbolga qiziqadi. Shuni uchun ham men futbolga qiziqib ketganman.

Ko‘pchilik menga otam yaxshi hujumchi bo‘lganini aytadi. Shuning uchun men ham hujumchi bo‘lishni orzu qilganman.

– Siz dastlab "Rostov"da himoyachi o‘rnida maydonga tushgan edingiz, keyin hujumchi bo‘lib chiqdingiz va darrov muvaffaqiyat qozondingiz. Bu qanday sodir bo‘lgandi?

– Hozir sizni hayron qoldiraman – men hech qachon himoyachi bo‘lmaganman. Ha, lekin, qaysidir o‘yinda murabbiy meni hujumchi-himoyachi sifatida maydonga chiqargandi. Terma jamoada 1-2 yil yarim himoyada o‘ynaganman.

– Oilangiz bilan munosabatlaringiz qanday? Ularni sog‘inasizmi?

- Oilamiz juda katta, bayramlarni birga o‘tkazishga harakat qilamiz. Hammamiz yig‘ilganimizda katta jamoa bo‘lamiz. 

So‘nggi vaqtlarda uyga kelganimda biz butun oila bo‘lib futbol ham uynaymiz. O‘zimizning 7 kishilik ikkita jamoamiz bor, mini-futbol o‘ynaymiz. Oilamizda futbolchilar ko‘p bo‘lgani uchun yaxshi futbolchilar ko‘p. Shuni uchun har doim ham mening ishtirokimdagi jamoa g‘alaba qozonavermaydi. Men hozir ana shunday uchrashuvlarni juda sog‘inganman.

– "Jenoa"da nima sababdan "61" raqamini olishga qaror qildingiz?

– Bu yerga kelganimda "14" raqami band edi. Qaysi raqamni olishni o‘ylab turganimda, mening bir do‘stim "61 raqamni olsang, Rostovdagi muxlislaring xursand bo‘lishadi", deb maslahat berdi (Rossiya viloyatlari ro‘yxatida Rostov 61-o‘rinda). Shundan so‘ng "61" raqamini olishga qaror qildim.

– Siz bolalikdan uchrashishni orzu qilgan futbolchi bormi?

– Men har doim aytganman, kumirim Fernando Torres va Didye Drogba. Men ular bilan uchrashib, dastxat olsam, xursand bo‘lardim.

– "Jenoa" klubida kimning o‘yini sizga yoqadi?

– "Jenoa"da hamma top o‘yinchilar yig‘ilgan. Ular jamoa bo‘lib o‘ynaganda yanada yaxshiroq natija ko‘rsatadi.

– Yosh futbolchilarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz? Eng muhimi nima?

- Eng muhimi - har doim futbol haqida o‘ylash. Agar sen futbolni tanlagan bo‘lsang, futbol xaqida o‘ylash kerak, ko‘proq ish bajarishga harakat qilish kerak. O‘ziga ishonish va ko‘yilgan maqsad sari intilish kerak.

– Demak, asosiysi ko‘proq ishlash kerak?

- Ha, diqqat bilan, qunt bilan ishlash kerak. Futbolda arzimas narsa yo‘q. Har bir narsaga e’tibor berish lozim.

– Futboldan bo‘sh vaqtingizda nima bilan shug‘ullanasiz?

– Hozir bo‘sh vaqtim juda kam. Ota-onam bilan gaplashaman, italyancha gaplashishni o‘rganyapman.

– "Jenoa"da o‘zbek restorani topdingizmi?

– Yo‘q, bu yerda o‘zbek oshxonasi yo‘q. Lekin menga italiya ovqatlari ham yoqdi. Ayniqsa, rizotto.

– "Rostov"dan so‘ng Genuya haqida taassurotlaringiz qanday?

– Yaxshi, bu yer juda chiroyli tarixiy shahar ekan, dengiz yonida. Men Monte Pesh degan joyda bo‘ldim. U yerdan butun Genuya ko‘rinadi. Bu yerda ham odamlar futbolni yaxshi ko‘radi, "Jenoa"ga muxlislik qiladiganlar ko‘p.

– Sizda "Jenoa"dagi birinchi muvaffaqiyatli uzatmangiz, birinchi golingiz haqida qanday taassurot qoldi?

– Men kechagi kun bilan yashamaslikka harakat qilaman, bo‘lib o‘tgan o‘yinni tezroq unutaman. Gol ursam, uzog‘i bilan bir kun eslab yuraman, keyin unutaman. Yangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘raman.

– Kelajakda qanday rejalaringiz bor?

- Men futbolchi sifatida o‘sishga harakat qilyapman, qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga, g‘alaba qozonishga intilaman. Jamoa bilan biror sovrin (kubok)  yutib olishga urinaman. Asosiy maqsadim esa O‘zbekiston terma jamoasi bilan jahon chempionatiga chiqish..

– Yaqinda ota bo‘lingiz. Nimalarni his qilayapsiz?

- Bunga haliyam ishongim kelmaydi. Juda xursandman. Unga qarab turib o‘zimni ko‘rgandek bo‘laman. Farzandim tug‘ilganiga bugun 25 kun bo‘ldi. Ular hozir Toshkentda.  Yaqinda kelishi kerak. Uni juda sog‘indim.

– Futbol sharhlovchisi bo‘lishni istaysizmi?

- Men ko‘p gapirishni uncha yoqtirmayman, shuning uchun mendan sharhlovchi chiqmasa kerak. Lekin siz juda yaxshi uddalayapsiz.

– Rahmat, sizga katta muvaffaqiyatlar tilaymiz.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!