Jahongir Ortiqxo‘jayev deputatlik so‘roviga javob berdi

Jahongir Ortiqxo‘jayev deputatlik so‘roviga javob berdi

Joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Samatov Shayxontohur tumanidagi Kattahovuz , Suzuk ota , Eshonguzar , Yangi Kamolon , Kamolon mahallalarida bo‘lib, u yerdagi vaziyatni o‘rgangandi.

Shu asosda, fevral oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga Shayxontohur tumanida yashovchi fuqarolarga qulayliklar yaratish hamda mahalla fuqarolari yig‘inlari xodimlarini zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlash borasida shahar hokimligi tomonidan rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berishlari to‘g‘risida so‘rovnoma yuborilgandi.

Mazkur deputatlik so‘roviga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan javob xati keldi. Bu haqda Adolat sosial-demokratik partiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Yangi Kamolon va Kamolon MFYlarida mahalla markazi, savdo va maishiy shaxobchalar tashkil etilishi, Suzuk ota mahallasining qolgan ichki yo‘llarini asfaltlash ishlari 2019 yilning oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilganligi ko‘rsatilgan. Hududdagi Kattabog‘ mahallasida maktabgacha ta’lim muassassasi ochish lozimligi borasidagi murojaatga, hozirda Toshkent shahri bo‘yicha ehtiyoj bor tumanlarda davlat yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida MTMlarini tashkil etish yuzasidan ishlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida axborot berilgan.

Shuningdek, Kattabog‘ mahallasidagi Kattabog‘, Atirgul va Samarqand Darvoza ko‘chalariga oqava suv tarmog‘ini qurib, shahar oqava suv tarmog‘iga ulash ishlarini Toshkent shahar bosh rejasi tasdiqlangandan so‘ng amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekanligi keltirilgan. Ushbu reja konsepsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining topshirig‘iga asosan, joriy yilning 20 may kuniga qadar ishlab chiqilishi belgilanganligi ma’lum qilingan.

Shu bilan birga, deputatlik so‘rovida keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish Toshkent shahar hokimligi nazoratida ekanligi bildirilgan.

O‘z navbatida partiya javob xatida ko‘rsatilgan muddatlarda hokimlik nazorati ostida yuqorida keltirilgan mahallalarda aholi uchun kerakli qulayliklar yaratilishiga umid bildirgan.

Manba: sof. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!