Italiyada "O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi" nomli turistik taqdimot bo‘lib o‘tdi

Italiyada "O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi" nomli turistik taqdimot bo‘lib o‘tdi

Florensiya shahridagi "Mirzo Ulug‘bek" milliy-madaniy markazda O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan "O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi" nomli taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Taqdimot O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan mamlakatimizning Toskana va Umbriya viloyatlaridagi Faxriy konsulligi hamda Italiyaning «Adventus Tour» kompaniyasi hamkorligida o‘tkazildi.

Tadbirda 60 taga yaqin mahalliy turistik agentlik vakillari, Florensiya shahri va Florensiya kengashi rasmiylari hamda Italiyadagi vatandoshlar ishtirok etdilar.

Taqdimotda O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev, faxriy konsul Leonardo Komuchchi, milliy-madaniy markaz rahbari Komila Kirgizova va «Adventus Tour» kompaniyasi direktori Natalya Verdis so‘zga chiqishdi.

Elchi o‘zining kirish nutqida tinglovchilarning e’tiborini O‘zbekistonning madaniy va ilmiy almashinuvlarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro jarayonlar va tashabbuslarning targ‘ibotchisi sifatidagi tobora oshib borayotgan roliga qaratdi. Ushbu sa’y-harakatlar oktyabr oyida O‘zbekistonda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkazilishi, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish qarorida o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘zbekiston Prezidenti turizm sohasini "milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri" deb belgilagani, turizmni rivojlantirishga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani, soliq imtiyozlari, subsidiyalar va mehmonxona quvvatlarini kengaytirish uchun kreditlar ko‘rinishida misli bo‘lmagan moliyaviy ko‘mak ajratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, 2023 yilda Italiyadan O‘zbekistonga sayyohlar soni uch baravar ko‘payib, 23 ming kishidan oshgani ham qayd etildi.

Faxriy konsul Leonardo Komuchchi O‘zbekistonda samarali turizm infratuzilmasi, yuqori darajadagi xavfsizlik, shuningdek, xorijiy investorlarga turizm biznesini rivojlantirish uchun ham, mamlakat iqtisodiyotining boshqa barcha sohalarida ham taqdim etilayotgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.

"Mirzo Ulug‘bek" milliy-madaniy markazining direktori Komila Kirgizova italiyalik mehmonlarni O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, dunyoning turli burchaklaridan keladigan sayyohlarning qiziqishini uyg‘otadigan va e’tiborini tortadigan ko‘hna markazlar – Samarqand, Buxoro va Xiva bilan tanishtirdi.

Italiyaning «Adventus Tour» kompaniyasi rahbari kompaniya har yili O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlari bo‘ylab mingga yaqin Italiya fuqarolarini yuborishini ma’lum qilib, sayyohlar orasida ushbu yo‘nalish yuqori talabga egaligi va shu sababli "Uzbekistan Airways"ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslariga aviachiptalar bir necha oy oldin bron qilinishini alohida ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Italiya fuqarolari ham so‘zga chiqdilar. Italiyalik mehmonlar mamlakatimizning madaniy-me’moriy jozibadorligi, mahalliy aholining mehmondo‘stligi, O‘zbekistondagi yashash va harakatlanish uchun qulay sharoitlarni yuqori baholab, bir ovozdan fikr bildirishdi.

Tadbirda ishtirok etgan Italiya kompaniyalari taqdimot davomida O‘zbekiston imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lganlari, mamlakatimiz yo‘nalishida sayyohlar guruhlarining muntazam safarlarini yo‘lga qo‘yishga qiziqishlarini bildirdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!