Islom – mehr-oqibat dini

Islom – mehr-oqibat dini

Dinimiz o‘zaro mehr-oqibat ustiga qurilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَىٰ ۖ وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ

Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling (Moida 2), deb marhamat qilgan.

Dinimiz insonlarga ko‘maklashishni va ularning og‘irini yengil qilishni toat-ibodat darajasiga ko‘tardi. Xususan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam:

والله في عون العبد ما كان العبد في عون أخيه

Agar banda birodariga ko‘maklashadigan bo‘lsa, Alloh taolo unga o‘zi ko‘makchi bo‘ladi , deganlar (Imom Muslim).

Dinimizning bu ko‘rsatmasi rioyasini o‘tmishda o‘tgan salaflarimiz o‘zlarining hayotlariga tatbiq qilganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu xalifa bo‘lishlaridan avval yordamga muhtojlarning xizmatlarida qoim bo‘lar, qarovsiz qolgan kishilarning uy yumushlari qarashish, qo‘ylarini sog‘ib berish, taomlarini tayyorlab berishga odatlangan edilar. Xalifa etib tayinlanganlaridan keyin o‘sha ko‘makka muhtojlardan biri tashvishga tushib Abu Bakr Siddiq xalifa bo‘ldilar, endi bizga yordam berishga vaqt ajratolmaydilar , deb xayol qilgan edi. Ertasi kuni tong chog‘ida eshigi taqillab qoldi. Haligi kishining qizchasi bor edi. Qizchasiga: Borib qara, eshikni kim taqillatyapti , dedi. Qizi eshikni ochib qarasa, qarshisida xalifa turar edilar. Qizi xursand bo‘lib ketib: Qo‘ylarimizni sog‘ib beradgan kishi kelibdi, deb baqirib yubordi. Xalifa kelibdi emas, balki qo‘ylarimizni sog‘ib beradigan go‘yo xizmatchimiz kelibdi deb xursand bo‘lib ketgan edi. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘sha xizmatlarini xalifa bo‘lganlaridan keyin xam davom ettirdilar.

Hasan Basriy rahmatullohu alayh shogirdlaridan bir guruhini boshqa shaharda yashaydigan bir kishini hojatini ravo qilish uchun jo‘natmoqchi bo‘ldilar va Sobit Banoiyni o‘zingiz bilan birga olinglar, u ana shu ishda sizlarga yordamchi bo‘lsin dedilar.

Banoiyning huzuriga borsalar u masjidda e’tikofda o‘tirgan ekan. Hasan Basriyning amrini u kishiga yetkazganlarida u: Borib ayting, men e’tikofda o‘tiribman, bu xizmatni qila olmayman , dedi. Bu xabarni Hasan Basriyga yetkazganlarida: Borib unga ayting, bilsinki, bir birodarining hojatini chiqarish uchun bosilgan qadamning savobi nafl hajning savobidan ham ko‘ra afzaldir , dedilar.

Ibn Umar shu xususda: Bir mo‘minning hojatini chiqarishim men uchun Masjidul Haromda e’tikof o‘tirib, bir oy ro‘za tutishdan mahbubdir , degan ekanlar.

Biz ham yon-atrofimizga nazar solaylik, bizning yordamimizga, mehr-muruvatimizga muhtoj insonlar bordir. G‘aflatda qolmaylik, ushbu ajrlardan bahramand bo‘lishga harakat qilaylik. Xususan, bugungi kunda yurtboshimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlar ham ijtimoiy tarafdan himoyalanmagan kishilarga, kam ta’minlangan oilalarga moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini ko‘rishimiz mumkin. Misol o‘rnida Vaqf xayriya jamg‘armasi ana shunday xayrli ishlar bilan shug‘ullanib, ko‘plab insonlarning xonadonlariga xursandchilik olib kirayotganini aytish mumkin.

Alloh taolo barchamizni ana shunday xayrli ishlarda bardavom aylasin.

Manba: muslim. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!