Irlandiyani ilk bor uchta bosh vazir navbati bilan boshqaradi 

Irlandiyani ilk bor uchta bosh vazir navbati bilan boshqaradi 

Irlandiyani parlamentga saylovlardan 4 oy o‘tib uchta partiya orasida erishilgan kelishuvga ko‘ra uchta bosh vazir navbati bilan boshqaradi.

Ushbu lavozimda “Fianna Fayl” liberal-respublika partiyasi yetakchisi Mixol Martin, amaldagi bosh vazir va saylovlargacha “Fine Gel” partiyasi yetakchisi bo‘lgan Leo Varadkar va “Yashillar partiyasi” yetakchisi Imon Rayan o‘zaro o‘rin almashadi.

Ular yaqin 5 yil davomida yuqorida keltirilgan tartib bo‘yicha bir-birlari bilan o‘rin almashadi. Martin 2022 yil dekabrgacha bosh vazir bo‘lib qoladi.

Uchta partiya koronavirus pandemiyasi vaqtida fuqarolar farovonligi uchun alohida moslashuvchanlikni namoyish qilish kerakligini ta’kidlab o‘tishgan.

“Bir necha oy ichida dunyo boshdan oyoq o‘girilib ketdi. Barchamizga xavf solayotgan narsaga qarshi kurashda tezda moslashib, yangi alyanslar tashkil qilib va birga ishlab o‘zimizni ajablantira olishimizni namoyish qildik”, deyilgan partiyalar dasturida.

Hozirgacha Irlandiyada bosh vazirlarning bunday almashinuvi bo‘lmagan. Mamlakatda parlament saylovlarida ko‘pchilik o‘rin olgan partiya yetakchisi bosh vazir bo‘lgan, uning o‘rinbosari lavozimini esa o‘rinlar soni bo‘yicha ikkinchi bo‘lgan partiya yetakchisi egallagan. Biroq 8 fevralda o‘tgan saylovlar an’anaviy ikki partiyali tizimning buzilishi bilan yakunlangan. Parlamentda eng ko‘p – 38 ta o‘rinni “Fianna Fayl” egallagan. Biroq uning raqiblardan ustunligi minimal bo‘lgan. “Fine Gel” 35 o‘rin, “Shinn Feyn” esa 37 o‘rin olgan. Biroq “Shinn Feyn” avval “Irlandiya respublika armiyasi” terrorchi tashkiloti bilan yaqin aloqada bo‘lgani sababli boshqa partiyalar u bilan koalisiyaga birlashishga intilmagan. Shu sababli “Fianna Fayl” va “Fine Gel” 12 ta o‘rin olgan “yashillar” bilan birlashish bo‘yicha muzokaralar olib borgan.     

Endilikda “Shinn Feyn” bosh muxolif partiyaga, uning yetakchisi Meri-Lu Makdonald esa muxolifat yetakchisiga aylandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!