Internetdan nimani izlasak, shuni topyapmiz(mi)?

Dolzarb savol! Internet global axborot tarmog‘i imkoniyatlari ortib borar ekan, undan kelishi mumkin bo‘lgan tahdid va xurujlar ham shunga yarasha ko‘paymoqda. Globallashuv hatto qurolli to‘qnashuv, tartibsizlik va notinchliklarni ham keltirib chiqarmoqda.
AOKA Internet va onlayn platformalarda global darajada tahdid va xavf tug‘dirayotgan, jamiyat tanazzuliga sabab bo‘layotgan noqonuniy kontentlarga qarshi kurashish chaqirig‘i bilan ekspertlar, mutaxassislarning xavotirli tahlillarini taqdim etib kelmoqda. Maqsad yagona: internetdagi xavflarni har bir shaxs anglashi va birgalikda kelajak avlodni undan himoya qilishda sa’y-harakatlarni birlashtirish.
🖋Abdumutallib O‘ktamov maqolasida ham ana shunday asosli xavotirlar bayon etilgan:
Yana bir xavotirli jihati, internetga, mobil qurilmalarga tobelik kishilarda ishchanlikni susaytirayotgani, ayniqsa, yosh avlodni dangasalik, yalqovlik, boqimandalikka yetaklayotgani bor gap. O‘qishga, darsga bepisand avlod shakllanayotgani esa judayam achinarli. Bilimsizlik bekorchilikka, bekorchilik qashshoqlikka, qashshoqlik esa jinoyatchilikka boshlaydi.
Muallif mulohazasicha, internet tarmog‘ida tarqalayotgan saviyasiz va foydasiz kontentlar, onlayn qimor o‘yinlari millatning, xalqning, davlatning kelajagini xatarga, kishilarni parokandalikka yetaklaydi. Bularning ortida davlatlarni yemirishga qaratilgan stretegik harakatlar mavjud.
To‘g‘ri, internetdan ham kim nimani izlasa, o‘shani topadi, deyishingiz mumkin. Lekin, sog‘lom mantiq bilan o‘ylasangiz, bu gap faqatgina internetdan maqsadli foydalanuvchilar uchungina to‘g‘ri keladi. Bemaqsad, shunchaki bekorchilikdan, vaqt o‘tkazish uchun foydalanuvchilar va, eng asosiysi, bolalar-chi? Ular nosog‘lom, noxolis, saviyasiz, behayolikni targ‘ib etuvchi kontentlardan, onlayn qimorlardan yetarli darajada himoyalanganmi?, deya tashvishini ifodalagan muallif.
✅ Muallifning quyidagi fikrlari ham juda o‘rinli:
Taraqqiyot – zarurat, albatta, kerak. Lekin, u millatning, xalqning qadriyatlariga aslo ziyon yetkazmasligi darkor. Va bu o‘ta muhim. Bu xatardan himoyalanishga yetarli e’tibor qaratish, choralar ko‘rish zarur.
Eng muhimi, jamoatchilik ishtirokini oshirish, noxolis kontentlarga qarshi kurashda davlat va jamiyat kuchini birlashtirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bolalarni zararli axborotlardan himoyalashda o‘ta murosasiz bo‘lishimiz kerak.