Infratuzilmaning eskirganligi mamlakatda energetik barqarorlikka erishishga to‘sqinlik qilmoqda

Infratuzilmaning eskirganligi mamlakatda energetik barqarorlikka erishishga to‘sqinlik qilmoqda

Respublikada mavjud energetik infratuzilmaning katta qismi jismonan va ma’nan eskirgan. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi jami 86 ming 155,5 kilometr masofadagi 10 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarining qariyb 40 foizi, ya’ni 34 ming kilometrli qismi oz emas, ko‘p emas, 40 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilmoqda.

39 ming kilometrlik qismi 25 yildan 40 yilgacha bo‘lgan vaqt davomida, 21 ming 172 kilometr qismi esa 10 yildan 25 yilgacha bo‘lgan muddat mobaynida ishlab kelmoqda.

Faqat 28 ming kilometrlik, ya’ni 20 foizdan bir oz ko‘proq qismi 10 yildan kam muddat ishlagan, xolos.

Ayni paytda jismonan va ma’nan eskirgan mazkur elektr tarmoqlarini yangilash, tizimni modernizasiya qilish va rivojlantirish uchun yaqin 5 yil ichida 3,7 milliard AQSh dollari kerak.

Shu bilan bir qatorda, mavjud 94 mingta transformatorning 33 mingtasi ta’mirga muhtoj. Birgina shuning o‘zi uchun qo‘shimcha 380 million AQSh dollari zarur bo‘ladi.

Magistral gaz quvurlariga kelsak, ularning ham 63 foizi 30 yildan ko‘proq, 29 foizi esa 13 – 30 yildan beri uzluksiz foydalanib kelinmoqda. Mavjud quvurlarning atigi 8 foizigina 12 yildan kamroq vaqt ishlatilgan va qoniqarli holatda.

Quvurlarning ma’nan va jismonan eskirishi oqibatida mamlakatning gaz yetkazib berish infratuzilmasi ham o‘z loyiha quvvatining atigi 35–38 foiz darajasida ishlamoqda.

Mavjud energiya resurslarini iste’molchilarga yetkazib berish jarayonining o‘zida katta yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Buning asosiy sababi esa infratuzilmaning eskirib ketganligiga borib taqaladi.

Davlat tomonidan yillar davomida sohani byudjet hisobidan subsidiyalash, yangi qo‘shilgan iste’molchilar ehtiyojlarini qondirish kabi ishlar uchun ko‘p mablag‘ sarflab borilganligi bois, infratuzilmani yangilash ishlari ancha orqada qolgan.

Shu sababli, kelgusi 5 yillikning o‘zida bir necha milliard dollar mablag‘ aynan eskirgan vositalarni yangilash uchun ajratilishi zarurati yuzaga kelgan. Bugungi murakkab sharoitimizda eskirgan infratuzilmani modernizasiyalash orqali yo‘qotilayotgan resurslarni iste’molchilarga yo‘naltirish esa energetikadagi uzilishlarga barham beradi.

Shuning uchun ham biz, ayniqsa, yaqin 5 yil davomida va keyinchalik ham energiya resurslaridan samarali, oqilona foydalanishga, shaxsiy sarf-xarajatlarimizni kuzatib borishga, tejamkorlikka o‘rganishimiz kerak. Ana shunda iste’mol madaniyati shakllanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!