IIV “Abdullox Zufar” — Zofir G‘afforov haqida xabar berganlarga mukofot va’da qildi

IIV “Abdullox Zufar” — Zofir G‘afforov haqida xabar berganlarga mukofot va’da qildi

Bugungi kunda turli terroristik va ekstremistik tashkilotlar o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini fuqarolarimiz o‘rtasida yoyishda Internet tarmog‘idan faol foydalanib kelmoqda.

Xususan, aholi orasida “Abdullox Zufar” nomi bilan tanilgan ekstremistlarning g‘oyaviy rahnamolaridan biri - Zofir G‘afforov aynan shunday shaxslardan bo‘lib, uning Internet tarmog‘idagi noqonuniy targ‘ibot faoliyati natijasida fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar orasida terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatchilikni oshishiga, oilalar parokandaligiga, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyatlarga, farzandlarimizni qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarga chiqib ketishlariga asosiy sabab bo‘lmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosalariga ko‘ra “Abdullox Zufar”ning aksariyat ma’ruzalari O‘zbekiston Respublikasi konstitusiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan ag‘darishga xizmat qiluvchi va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni respublikamiz hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash va tarqatish taqiqlanadi.

Shu sababli fuqarolarni “Abdullox Zufar”ning diniy ma’ruzalari aks etgan har qanday ko‘rinishdagi diniy materiallarni respublikamiz hududiga olib kirishi, saqlashi (shu jumladan kompyuter, noutbuk, telefon apparatlari va boshqa elektron ma’lumotlarni saqlash/tashish qurilmalarida) va tarqatishi (og‘zaki, yozma, elektron ko‘rinishda va h.k.) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159, 244 prim 1 va 246-moddalari bilan jinoiy javobgarlikka hamda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantiradi.

“Abdullox Zufar”ga nisbatan respublikamiz huquq-tartibot idoralari tomonidan xalqaro qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, uning hozirgi kundagi aniq manzili, aloqa vositalari, jinoiy aloqalari hamda boshqa tergov uchun ahamiyatli ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarga, basharti ularning ma’lumotlari tasdiqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka asosan mukofot pullari taqdim etiladi.

Agarda, yuqoridagi ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarning o‘zlari qidiruvda bo‘lsa, ularni jinoiy javobgarligini yengillashtirish va mamlakatimizga qaytarish choralari ko‘rib chiqiladi.

“Abdulloh Zufar” haqida ma’lumotlarga ega shaxslar Ichki ishlar vazirligining 102 qisqa, (+998) 71 231-34-33 raqamlariga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari mumkin.

Ma’lumot taqdim etgan shaxslarning maxfiyligi sir saqlanishiga kafolatlanadi.

Vatanimiz xavfsizligi uchun barchamiz mas’ulmiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!