Germaniya kichik va o‘rta biznes korxonalari federal uyushmasining yillik kongressida O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi

Germaniya kichik va o‘rta biznes korxonalari federal uyushmasining yillik kongressida O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi

Berlin shahridagi "STATION" ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tgan Germaniya kichik va o‘rta biznes korxonalari federal uyushmasi (Bundesverband mittelständische Wirtschaft, BVMW)ning yillik kongressida O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Kichik va o‘rta biznes kelajak sari" mavzusidagi tadbirda besh mingdan ortiq Germaniyaning kichik va o‘rta biznes hamda ishbilarmon doiralari vakillari, yirik sarmoyadorlar, shuningdek bir qator vazirliklari rahbarlari, siyosiy partiyalar yetakchilari va 50 dan ortiq davlat elchilari qatnashdi.

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tashkil etilgan milliy stendda tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston iqtisodiy-sarmoyaviy va turizm salohiyati, respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Muloqot chog‘ida mamlakatimiz bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan salohiyatli kompaniyalar bilan kimyo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mashinasozlik, axborot texnologiyalari, turizm, kasb-hunar ta’limi va transport sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Kompyuter texnologiyalari sohasida yetakchi sanalgan "AMD" kompaniyasi mamlakatimiz bilan prosessorlar, mikrosxemalar ishlab chiqarish borasida, "Edu-WorldWide" kompaniyasi kasbiy va dual ta’lim sohasida, Xalqaro mutaxassislar uchun nemis kompetensiya markazi (DKF) esa sog‘liqni saqlash va hamshiralarni ishga yollash sohalarida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Ta’kidlash kerakki, GFRda kichik va o‘rta biznes nemis iqtisodiyotining asosini tashkil etadi va band ish o‘rinlarining 70 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Germaniyada kichik va o‘rta biznes korxonalari yangi g‘oyalar generatori sifatida tan olinadi. Innovasiyalar va patentlarning 75 foizi ularning ulushini tashkil qiladi.

"GABEC" GmbH kompaniyasi menejeri Torsten Klaus:

Germaniya kichik va o‘rta biznes tadbirkorlari kunida O‘zbekistonning ham ishtirok etayotganidan xursandman. Kompaniyamiz o‘rta biznes sub’ekti sanaladi, ayni paytda O‘zbekiston tomoni bilan ham bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshiryapmiz. Toshkentda kompaniyamizning vakolatxonasi bor. Biz o‘zbekistonlik va germaniyalik o‘rta biznes sub’ektlarini hamkorlikda o‘z bizneslarini yuritishga chorlaymiz, ularga o‘z bilim va tajribamiz bilan ko‘maklashamiz. O‘ylaymanki, Germaniyaning kichik va o‘rta biznes tadbirkorlari yaqin kelajakda O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlaydi va muvaffaqiyatli biznes yuritishga erishadi.

Germaniyalik kompaniyalar O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirisha olishlariga aminmiz. Chunki, O‘zbekistonda innovativ bilimlarga chanqoq, ishlash xohishida bo‘lgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Har safar Toshkentga borganimda odamlarning biz bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ko‘rib xursand bo‘laman. Ayni paytda biz Toshkentda logistika sohasida faoliyat yurityapmiz.

"AMD" kompaniyasining marketing bo‘yicha direktori Kristian Dotsauyer:

— Kompaniyamiz kompyuter texnologiyalari sohasida yetakchi sanaladi va prosessorlar, mikrosxemalar, grafik kartalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etishimizdan maqsad kompyuter texnologiyalari sohasidagi kichik va o‘rta biznes sub’ektlari bilan uchrashish, ular bilan aloqa o‘rnatish va tajriba almashishdir. Xabaringiz bor, bugungi kunda sun’iy intellektning ahamiyati oshib bormoqda. Kompaniyalar yaqin kelajakda yana ham muvaffaqiyatli bo‘lishlari, mahsuldorlikni oshirish va o‘z mahsulotlarini samarali sota olishlari uchun sun’iy intellektning imkoniyatlari va talablarini bilishi lozim. Biz kichik va o‘rta biznes vakillari bilan muloqotda xalqaro darajada munosabatlar o‘rnatishga ham erishdik.

Bugungi tadbirdagi ishtirokimiz bizga sun’iy intellektning xorijiy davlatlarda qo‘llanilish tajribasi, kompaniyalarning bizga qo‘yadigan talablari, bozor ehtiyojlarini o‘rganish imkoniyatini berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!