G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda tomonlar murosaga kelishdi — OAV

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda tomonlar murosaga kelishdi — OAV

Qatar poytaxti Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda qatnashayotgan tomonlar ba’zi murosaga kelishni taklif qildi, deb xabar bermoqda Amerikaning «Axios» portali manbalarga tayanib.

Isroil va HAMAS so‘nggi bir necha oy ichida birinchi marta isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan ehtimoliy kelishuv tafsilotlarini muhokama qilmoqda.

«Ikkala tomon ham qandaydir murosaga kelishdi va muzokaralar olib borishga tayyor», — deya muzokaralar borishi bilan bevosita tanish bo‘lgan manbadan iqtibos keltiradi portal.

Isroilning yuqori martabali mulozimining aytishicha, isroillik muzokarachilar Qatar va Misr vositachilari bilan batafsil muzokaralarni davom ettirish uchun Dohada qoladilar va joriy raund kamida ikki hafta davom etishi mumkin.

Oldinroq, Falastinning HAMAS harakati garovga olinganlarni Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslarga almashtirish bilan sulh tuzishni taklif qilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda 100 nafar falastinlik Isroil qamoqxonalarida umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda. 700 nafardan 1000 nafargacha falastinlikni ozod qilish evaziga garovga olingan ayollar, bolalar, qariyalar va og‘ir bemorlarni almashish taklif qilinmoqda.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning idorasi bu taklif «real bo‘lmagan talablar»ga asoslanganini aytgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!