G‘ayrioddiy issiq Fransiyaning mashhur pishloqlari ta’mi va hidiga ta’sir qilishi mumkin
2026 yil yozida Fransiyada kuzatilgan bir necha kuchli issiq to‘lqinlari an’anaviy pishloq ishlab chiqaruvchilarini qiyin ahvolga soldi. CNN ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fermerlar an’anaviy pishloq turlarini ishlab chiqarish uchun belgilangan talablarga rioya qilishda qiyinchilikka duch kelgan.
Buning asosiy sabablaridan biri — issiq havo chorva mollariga ta’sir qilayotgani va yaylovlardagi o‘tlarning qurib qolishidir. Natijada sigirlar yetarli ozuqa bilan ta’minlanishi uchun fermerlar ularning rasioniga boshqa yem-xashak turlarini qo‘shishga majbur bo‘lmoqda.
Masalan, o‘tgan yozda Fransiyadagi Salers pishlog‘i ishlab chiqaruvchilarining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i mahsulot tayyorlashni vaqtincha to‘xtatgan. Chunki ushbu pishloq faqat Fransiya janubi-sharqidagi tog‘ yaylovlarida boqiladigan sigirlar sutidan tayyorlanishi kerak.
Mahalliy yaylov o‘tiga ko‘pi bilan 25 foiz miqdorida boshqa yem-xashak — bug‘doy, arpa yoki suli qo‘shilishi mumkin. Bundan tashqari, qo‘shimcha ozuqa ham aynan shu hududda yetishtirilgan bo‘lishi talab etiladi. Ammo kuchli issiq va qurg‘oqchilik ushbu talablarga rioya qilishni qiyinlashtirgan.
Natijada ayrim pishloq ishlab chiqaruvchilar Salers o‘rniga boshqa navlarni tayyorlashga o‘tgan.
Pishloq ishlab chiqarish sohasida 35 yildan buyon ishlab kelayotgan mahalliy kompaniya rahbari Loran Lurs vaziyat tobora og‘irlashayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ilgari yaylovlardagi o‘t muammosi taxminan har 15–20 yilda bir marta yuzaga kelgan bo‘lsa, hozir bunday holat qariyb har ikki yilda takrorlanmoqda.
Fransiyaning Milliy kelib chiqish va sifat instituti (INAO) avgust oyida mamlakatdagi «tarixiy qurg‘oqchilik» sababli ayrim pishloq turlarini ishlab chiqarish standartlariga vaqtincha o‘zgartishlar kiritilishini e’lon qildi.
Ayrim pishloq ishlab chiqaruvchilar bu o‘zgarishlar mahsulotning ta’mi va sifatiga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirda. Chunki sigirlarning oziqlanish tarkibi sutning xususiyatlariga, bu esa o‘z navbatida pishloqning ta’mi va hidiga ta’sir qilishi mumkin.
Biroq boshqa ishlab chiqaruvchilarning fikricha, o‘zgarishlar yakuniy mahsulot iste’molchilari tomonidan sezilarli darajada bilinmasligi mumkin.
Mutaxassislar esa iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi Fransiyaning asrlar davomida shakllangan pishloq ishlab chiqarish an’analariga tobora katta ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.
