Fransiya Prezidenti tungi Samarqandni aylandi

Fransiya Prezidenti tungi Samarqandni aylandi

Mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida tungi Samarqand bo‘ylab sayr qildi.

Davlat rahbarlari YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Registon majmuasiga tashrif buyurdilar.

Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq me’morchiligi durdonasining qurilish tarixi, noyob naqshlari, ushbu maskan bilan bog‘liq mashhur voqea va shaxslar xususida so‘zlab berildi.

Fransiya Prezidentining tashrifi Samarqandda o‘tayotgani va aynan Registondan boshlangani bejiz emas. Bu yerda xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklikni mujassam etgan jihatlar ko‘p.

Xususan, Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda, savdo va ilm-fan homiysi sifatida Osiyo va Yevropada ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga katta ta’sir ko‘rsatgan. XV asrda Parijda uning sharafiga «Evropaning xaloskoriga» degan yodgorlik qo‘yilgan. Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI bir-biriga maktublar yuborib, aloqa o‘rnatgan. Yozishmalarda siyosiy masalalar bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy aloqalarga ham katta e’tibor qaratilgan.

Fransiyada buyuk Sohibqiron va temuriylar haqida ko‘plab ilmiy, badiiy asarlar yaratilgan. Jumladan, fransuz mutafakkiri va adibi Volter asarida Mirzo Ulug‘bek, mashhur yozuvchi Jyul Vern romanida Registon mahobati haqida to‘lqinlanib yozilgan.

Fransiya delegasiyasi aynan shu maydonda bo‘lib turibdi. Tungi chiroqlar bilan yoritilgan majmuaning ulug‘vorligi va go‘zalligi mehmonlarda katta zavq uyg‘otdi.

Shundan so‘ng Prezidentlar “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida bo‘ldilar.

Bu yerda xalqimizning buyuk o‘tmishi ramzlari to‘plangan, tarixiy shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarining nusxalari barpo etilgan. Milliy an’analarimiz hamda do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan. Xususan, Afrosiyob yodgorligi devorlarida saqlanib qolgan Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan. Bunday ma’no-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Davlat rahbarlari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘ldi. Samarqand jahon sivilizasiyasining qadimiy beshiklaridan biri bo‘lgani, bugun ham xalqaro sammit va turizm markaziga aylanib borayotgani qayd etildi. Mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.

Tashrifning asosiy tadbirlari, shu jumladan, oliy darajadagi muzokaralar 2 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!