Fitch Ratings agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga “BB-” “barqaror” xalqaro reytingini berdi

Fitch Ratings agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga “BB-” “barqaror” xalqaro reytingini berdi

Jahonda “Katta uchlik” guruhiga kiruvchi AQShning “Fitch Ratings” reyting agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning xalqaro indikativ reytingini “BB-” “Barqaror” darajada baholadi va O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingiga tenglashtirdi.

Mazkur reyting, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJni jahonning investisiya bozorlarida aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy holatiga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega korxona sifatida tanitadi.

- “BB-”, ya’ni “Barqaror” darajasi kredit xavflari mavjud bo‘lishi mumkin ekani, biroq kompaniya investorlar va kreditorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajara olishini bildiradi, - deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ bosh buxgalteri Azimjon Ahmadjonov.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 2021 yilda boshlangan bo‘lib, Jamiyatda olib borilgan transformasiya ishlari hamda moliyaviy sog‘lomlashtirish sa’y-harakatlari natijasida joriy yilning yanvar oyida “Fitch Rating” xalqaro reyting agentligining tegishli reytingi qo‘lga kiritildi.

Qayd etish lozim, jarayon davomida Xalqaro reyting agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJni nafaqat moliyaviy-iqtisodiy, balki biznes strategiyasi holati, moliyaviy model barqarorligi hamda korporativ boshqaruv tizimi va boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham chuqur o‘rgandi, tahlil qildi.

Qolaversa, Jamiyatga kiritilayotgan investisiya ko‘lami jozibadorligi va uni boshqarish salohiyati, kredit yukini nazorat qilish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar samarasi mazkur ijobiy natijaga erishishda muhim omillardan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun: “Fitch Ratings” – AQShning yirik korporasiyasi bo‘lib, asosan reyting agentligi sifatida tanilgan. Xalqaro reyting agentliklarining “Katta uchlik” deb atalmish birligidan o‘rin olgan. Jahon kredit bozorlarini mustaqil va istiqbolli kredit reytinglari, tushunchalari va ma’lumotlari bilan ta’minlashga ixtisoslashgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!