Fir’avnning xotini nimalarni ko‘zlagan?..

Fir’avnning xotini nimalarni ko‘zlagan?..

Abu Ya’lo rahimahulloh o‘zining "Musnad" ida Abu Hurayra roziyollohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: 

"Fir’avn xotinining ikki qo‘li va ikki oyog‘iga qoziq urdi. Fir’avnning odamlari ayolning oldidan uzoqlashishsa, farishtalar unga soya solib turishar edi. Ayol duo qildi: 

"Robbim! Jannatda menga bir uy bino qilgin. Fir’avn va uning amallaridan najot ber.  Meni zolim qavmdan qutqar!" 

Alloh unga jannatdagi uyini ko‘rsatdi".

Birinchi dars:

Alloh zolimlarga qarshi uyida kurashadi. Fir’avn: "Men sizning oliy Robbingizman" degan edi. Alloh uning uyidan payg‘ambar chiqardi. 

Fir’avnning yotoqxonasidan dunyoning tarixdagi eng buyuk ayollaridan birini chiqardi. 

Alloh Fir’avnga qanchalar ojiz ekanini anglatayapti. U Muso alayhissalomni qidirib minglab bolalarni so‘ydi. Go‘dak Musoga yo‘liqqanida esa uni qasrida boqib tarbiya qildi. 

Minglab ayollarni o‘ziga sajda qilishga majburladi. Ammo o‘z xotiniga kuchi yetmadi, ojiz qoldi 

Garchi jasadlar insonlar qo‘lida bo‘lsa-da, qalblar Allohning qo‘lida.

Ikkinchi dars:

Dinni afyun deydiganlar, u insonlarni sabrga undab jannat ilinjida yashashga majburlaydigan giyohvand modda deydiganlar bechoralardir. 

Bu ayol Misrning birinchi xonimi. Podshohning umr yo‘ldoshi. O‘zini ibodat qilinadigan iloh deb da’vo qiladigan kishining xotini edi. Ammo u bularning barchasidan Allohning huzuridagi narsani afzal va boqiyroq deb bildi. U jannat anhorlariga chanqaganidan oshiq bo‘lgani yo‘q. Jannat mevalariga mavasiz qolganidan oshiq bo‘lgani yo‘q. Jannatdan uysizligidan uy so‘ragani yo‘q. U qasrning xonimi edi, shaharning xonimi edi. Ammo u qalb boyligini haqiqiy boylik deb hisoblar edi. Haqiqiy boylik Alloh huzuridagi boylik deb o‘ylar edi. Jannatning oldida har qanday qasr unga tor ko‘rinar edi. U Fir’avnga go‘yo  "butun boyliging va qasrlaring o‘zingga buyursin. Meni Robbim bilan tinch qo‘y" deyayotganday edi.  

Uchinchi dars: 

Islom yulduzi porlaganidan so‘ng kishilar Bilol roziyollohu anhudan so‘rashdi:

- Umayya ibn Xalafning azoblarga qanday sabr qildingiz?

Bilol dedilar:

- Azob achchiqligiga iymon shirinligini qo‘shib sabr qilar edim. 

Iymon bir ajib narsadir. Insonning qalbiga o‘rnashsa uni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi. Bilol roziyollohu anhuning sabri nafsul amrni aytganda ko‘pam ajib emas. Chunki u kishi erkakdir. Erkaklar tanasi ayolnikiga qaraganda ancha baquvvat bo‘ladi. Ustiga-ustak u zot qul edi, mashaqqatlarga ancha moslashgan edi.  

Ammo faqat ne’matlar ichida yashagan ayol kishining bu azoblarga sabr qilishi haqiqatdan ham ajibdir. 

Fir’avn uni yog‘och taxtaning ustiga yotqizib qo‘l oyog‘iga qoziq urdi. Qoziq uning qo‘l-oyoqlarini sindirdi. Metin boltalar uni qiymalaganida, arra uni bo‘laklaganida hatto ingraganini birov eshitmadi.

Nozik badan yerda azoblanar, metin ruh samoda maloikalar tomonidan o‘rab olinar edi. Ruhini topshirishdan oldin u tabassum qildi. 

Ibn Kasir rahimahullohning aytishicha Fir’avn  uning tabassumidan jazavaga tushgan va : "Bu hali ham tabassum qilayapdimi?", deya jig‘ibiyron bo‘lgan. 

U bilmas ediki, Alloh unga jannatdagi uyini ko‘rsatgan edi.

To‘rtinchi dars: 

Alloh uni azobdan qutqarishga qodir edi. Soyalantirish uchun farishtalarni yuborgan zot uni qutqarish uchun ham farishta yuborishga qodir edi. Ammo Alloh taolo dunyoni ekinzor qildi. Hosil esa oxiratda yig‘iladi. Alloh uning hosilini samarador bo‘lishini xohladi. Alloh iymon ahliga balo jo‘natsa johillar kabi "Qani Alloh?", deb odobsizlik qilma.  

Ba’zi zolimlarga Alloh imkoniyat bergan bo‘lsa bu Allohning ojizligidan emas.  Zolimlarga muhlat bergan bo‘lsa bu Uning lashkari ozligidan emas. 

Alloh bu hayotni imtihon dunyosi qildi. Bu imtihon dunyosida Nuh alayhis salom 950 yil azob chekdilar. Mana shu dunyoda Yahyo alayhis salom arralandilar. Ana shu dunyoda Ibrohim alayhis salom olovga uloqtirildilar. Ana shu dunyoda Ismoil alayhis salom so‘yilish uchun yerga yotqizildilar.

Jannatning bahosi oliy ekan! 

Beshinchi dars: 

Allohga xiyonat qilgan kishidan insonlarga vafo kutma. Fir’avnning xotini bilan shuncha er-xotinlik qilganidan so‘ng uni qatl qilganidan ajablanma. U oldin ham Allohning in’omini rioya qilmagan.

Umayya ibn Xalaf hazrat Bilolga azob berganida Bilolning xizmatlarini rioya qilmagan . Umayya Bilol roziyollohu anhuga oq bo‘lishdan oldin Allohga oq bo‘lgan edi. Bobolarimizning gapi bor: "Allohdan qo‘rqmagandan qo‘rq". 

Allohga nisbatan adabsiz inson bandaga hech qachon adabli bo‘lmaydi. 

Shuning uchun Nabiy sallollohu alayhi va sallam: 

"Dini va xulqidan siz rozi bo‘ladigan kishidan sovchi kelsa qizingizni unga nikohlab bering. Chunki g‘ami Allohning rizosi bo‘lgan inson bandani rozi qilishi aniq. Qizingizni taqvoli kishiga bering. Agar uni sevsa ikrom qiladi. Sevmasa uni xorlamaydi".

Adham Sharqoviy


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!