Farzand dog‘ida kuyganlar poytaxtdan boshqa joydan kateter topa olmaganliklarini aytmoqda

Hech kimni farzandidan ayirmasin ekan. “Dok-1 Maks” siropi tufayli qurbon bo‘lgan bolasining ismini yodga olgan ota-ona borki, ovoziga titroq kiradi...
Navoiylik Doston Sattorov 1,5 yoshli o‘g‘li Damir shamollab qolganida shu siropni ichirgani, bola yaxshi bo‘lish o‘rniga ahvoli og‘irlasha boshlaganini Toshkent shahar sudida gapirib berdi.
– Bolamni avval Navoiy shahridagi shifoxonaga olib bordik, – deydi D.Sattorov. – Tekshiruvda bolada zaharlanish bo‘lgani, dializ qilish kerakligi aytildi. Lekin viloyat markazida bunga imkoniyat yo‘q ekan. Bolani Samarqand shahriga olib bordik. Shifokorlar darrov “Dok-1 Maks” siropini ichganmi bola”, deb so‘rashdi. Tezkor dializ qilish kerakligi, ammo shifoxonada kateter yo‘qligini ma’lum qildi. Toshkentdan topishga harakat qildik va keltirdik. O‘g‘limga to‘rt marta dializ qilindi, lekin foydasi bo‘lmadi. Butun tanasi, boshi, ko‘zlarigacha suv to‘plandi. Bolaning o‘limidan ayolim qattiq stressga tushdi. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa hamki, hali o‘ziga kelmadi. Mana shu fojia ortidan hayotimiz butunlay o‘zgarib ketdi.
Yana bir jabrlanuvchi jizzaxlik Narziqul Abdusalomovning esa bir yoshli qizalog‘i Osiyo “Dok-1 Maks” siropi tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
Bu inson ham qizini avval Jizzax viloyatidagi shifoxonalarga olib borgan. Tekshiruvlarda esa qizaloqning buyraklari ishdan chiqqanini hatto aniqlay olishmagan. Bolaning ahvoli og‘irlashgach, shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borilganidan keyingina bolada o‘tkir buyrak yetishmovchiligi yuz bergani ma’lum bo‘lgan. Biroq, bu yerda ham bolaga birinchi yordam ko‘rsatish imkoniyati yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
N.Abdusalomov qizalog‘ini Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasiga olib borgan. Bu yerda bemorni hatto qabul qilishmagan. Shundan so‘ng Samarqand viloyati tez tibbiy yordam shifoxonasiga borishgan. Bu yerdagi shifokorlar esa bolani ko‘p tarmoqli shifoxonaga joylashtirishga erishgan. Biroq, ming afsuski, bu safar ham kateter muammosi yuzaga chiqqan. Ota bu tibbiy anjomni tanishlari orqali poytaxtdan keltirib bergan. Ammo vaqt boy berilgan, endi qilingan dializ ham, boshqa tibbiy muolaja ham bolaga yordam bermagan...
Toshkent shahar sudi sudyasi Muso Yusupov raislik qilayotgan sud majlisida boshqa jabrlanuvchilar ham boshidan o‘tkazgan shunday iztiroblarini so‘zlab berdi.
Bugungi sudda ham, oldingi sud majlislarida ham joylardagi shifoxonalarda kateter topilmagani, buning oqibatida bolalar ikki-uch kunlab peshob chiqarmay azoblangani, shishib ketgani bot-bot takrorlandi.
Juda ajablanarli, shunday emasmi? Nahotki kateter zarur bo‘lib qolishini shifokorlar bilmagan bo‘lsa? Nega kateter g‘amlab qo‘yish masalasini ular ko‘tarmagan yoki shuni dorixonalarda sotish zarurligini mutasaddilarga taklif sifatida bildirmagan?
Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 Maks” va shunga o‘xshagan dorilarni qabul qilish oqibatida o‘tgan yili 65 nafar bola vafot etgan edi. Bolalar o‘limi bilan bog‘liq dori vositalari tarqalishida ishtirok etgan 21 nafar ayblanuvchi sud oldida javob bermoqda.