Eronda turkiy xalaj tili yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida

Eronda turkiy xalaj tili yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida

Turkiy tillarning o‘g‘uz tarmog‘iga mansub xalaj tili Eronning nomoddiy milliy meros ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Eronning IRNA rasmiy axborot agentligi xabar berdi.

Xalaj tili Eronning Markaziy viloyatida keng tarqalgan. Markaziy viloyati Madaniy meros bo‘yicha direktor o‘rinbosari Husayn Mahmudiy so‘zlashuvchilar soni cheklangani sababli xalaj tili jiddiy xavf ostida ekanini ta’kidladi.

Boshqarma vakili hukumatning tilni yo‘q bo‘lib ketishdan saqlab qolish bo‘yicha aniq rejalari bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, xalaj tili bilan bog‘liq xalq og‘zaki ijodi, jumladan, maqol, she’r va topishmoqlarni milliy meros sifatida qayd etish ushbu muhim madaniy boylikni asrab-avaylashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mahmudiy, shuningdek, Talhab shahri va Markaziy viloyatining Faraxon, Ashtiyan, Tafresh va Arak tumanlaridagi ayrim qishloqlarda xalaj tilida so‘zlashuvchilar borligini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi kunda eng qadimgi turkiy tillardan biri bo‘lgan xalaj tili yo‘q bo‘lib ketish arafasida bo‘lib, undan oz sonli odamlar foydalanadi.

Xalaj tilini himoya qilish va saqlash faoli Aliaskar Jamrosiy 2019 yilda Eron ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda Eronda 19 ming kishi xalaj tilida so‘zlashishini aytgan edi. U bundan 50 yil avval 42 ming ona tilida so‘zlashuvchi bo‘lganini, ayni paytda u yo‘qolib borayotgan tillardan biri ekanini ta’kidladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!