Dunyoda chaqaloqlarni ona suti bilan parvarishlash ko‘rsatkichlari nega keskin pasaymoqda? JSST bunga izoh berdi

Dunyoda chaqaloqlarni ona suti bilan parvarishlash ko‘rsatkichlari nega keskin pasaymoqda? JSST bunga izoh berdi

🤱Chaqaloq uchun tarkibida yuzdan ziyod shifobaxsh mikroelementlar jamlangan, immunoglobulinga boy ona sutidan ham ko‘ra mukammalroq ozuqa yo‘q. Shu bois u go‘dakni turli infeksiyalardan himoyalaydi, immunitetini mustahkamlaydi.

📉 Ammo JSSTning yangi bayonotiga ko‘ra, keyingi yillarda go‘daklarni ona suti bilan parvarishlash ko‘rsatkichlari tobora pasayib bormoqda.

👩🏻‍🍼Xususan, hozir dunyo bo‘yicha olti oygacha bo‘lgan bolalarning atigi 44 foizigina ona suti bilan oziqlanmoqda. Har ikki yangi tug‘ilgan chaqaloqdan biri sun’iy ozuqa bilan parvarishlanyapti.

📊 Biroq so‘nggi yigirma yil ichida ko‘krak suti o‘rnini bosuvchi sun’iy mahsulotlarni sotish ko‘lami esa taxminan ikki baravar ko‘paygan.

🍼 Buni mutaxassislar dunyoda chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sun’iy sut mahsulotlari reklama va marketingiga zo‘r berilayotgani va hatto yolg‘on targ‘ibot avj olayotgani bilan izohlamoqda.

🚫 Oqibatda “farzandingizning durkun va sog‘lom o‘sishiga yordam beradi”, “uyqusini me’yorlashtiradi”, “turli kasalliklardan himoyalaydi” kabi hiylakor reklamalarga aldanib, sun’iy aralashmalarni ma’qul ko‘rayotgan onalar, afsuski, ko‘payib boryapti.

👶🏻 Shu bois JSST bolalarni olti oylik bo‘lguniga qadar faqat ona suti bilan parvarishlashni, ikki yoshga to‘lgunicha esa emizishni to‘xtatmagan holda qo‘shimcha ovqatlar bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi.

⚖️ Tashkilot, o‘z navbatida, hukumatlarni bunday mahsulotlar reklamasi va marketingini tartibga solishga chaqirmoqda.

‼️ Eslatib o‘tamiz: 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!