«ConFEAS 2024»: jahon birja sanoati rivojlanishining so‘nggi tendensiyalari va istiqbollari tahlil qilinadi

«ConFEAS 2024»: jahon birja sanoati rivojlanishining so‘nggi tendensiyalari va istiqbollari tahlil qilinadi

Joriy yilning 19 aprel kuni Samarqand shahridagi «Silk Road Samarkand» sayyohlik markazida «Bozor infratuzilmasi va vositachilarning iqtisodiyotda tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro birja anjumani Yevro-Osiyo fond birjalari federasiyasi ((FEAS)tomonidan O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va «Toshkent» respublika fond birjasi bilan hamkorlikda hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ko‘magida o‘tkaziladi.

«O‘zRTXB» AJ matbuot kotibi Hikmatullo Tillaboyevning ma’lum qilishicha, «ConFEAS 2024» xalqaro anjumanida dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi xorijiy tovar, fond va valyuta birjalari, kliring tashkilotlari, dasturiy yechimlar provayderlari va IT-kompaniyalar, xalqaro moliyaviy va konsalting tashkilotlari vakillaridan iborat 200 dan ortiq vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.

– Anjumandan ko‘zlangan maqsad jahon birja sanoati rivojlanishining so‘nggi tendensiyalari va istiqbollari, birja savdolarini o‘tkazishda nazorat va innovasiyalarning tutgan o‘rni, zamonaviy kapital bozorlaridagi muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilish hamda yetakchi soha ekspertlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishdan iboratdir. «ConFEAS 2024» xalqaro anjumani doirasida moliya bozori infratuzilmalari arxitekturasi, kapital bozorlarini rivojlanish tendensiyalari va muammolari, kapital bozoridan tashqari bozorlar, moliyaviy vositachilik, savdodan oldingi va keyingi jarayonlar uchun infratuzilma, ESG boshqaruvi va investorlar bilan aloqalar mavzularida oltita panel sessiyalar va muhokamalarni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, –dedi H.Tillaboyev.

Aytish joizki, bu kabi xalqaro tadbirlar mamlakatimiz birja sanoati ravnaqida muhim bo‘lib, iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish va birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!