«Central Asian University» universitetidagi «ishkal» bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

«Central Asian University» universitetidagi «ishkal» bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Central Asian University» — sobiq «Akfa University»da ikki yillik tayyorgarlik kurslarini tamomlab, darhol ikkinchi kursga o‘qishga qabul qilingan talabalar bilan bog‘liq mojaro yuz bergani haqda xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan «Central Asian University» rasmiy bayonoti berdi.

Qayd etilishicha, bundan ikki yil avval Akfa universitetining sobiq rektori – 1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Bekzod Djalilov tomonidan «Study for the success» MCHJni Universitet ta’sischisidan yashirin holda, firibgarlik yo‘li bilan o‘ziga qo‘shimcha mablag‘ ishlash maqsadida jalb qilgan, amaldagi qonunlarga xilof yo‘l bilan ushbu MCHJ nomidan ota-onalar bilan shartnomalar tuzgan.

Shartnomaga muvofiq ota-onalarga ularning farzandlari maktabning 10-11 sinflarida o‘qish bilan bir vaqtning o‘zida Akfa universitetining 1-bosqichini o‘qib tugatishi va maktabni bitirishi bilanoq Universitetning 2-bosqichiga qabul qilinishi MCHJ tomonidan va’da qilingan va ota-onalar ushbu xizmat evaziga MCHJ hisob raqamiga muayyan to‘lovlarni qilishgan.

MCHJning hisob raqamiga tushgan pul mablag‘lari B.Djalilovning turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan MCHJ tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

Ushbu ish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, jabrlanuvchilar tuman prokuraturasiga tegishli shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkinligi ma’lum qilingan.

Universitetning ta’kidlashicha, B. Djalilovning qonunga xilof xatti-harakatlaridan jabrlangan va qo‘lida shahodatnomalari (11 sinf) bor bolalar tez kunlarda, o‘rnatilgan tartibda Universitetning 1-bosqichiga qo‘shimcha qabul qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!