Bugun O‘shda O‘zbekiston va Qirg‘iziston OTM rektorlarining birinchi forumi boshlanadi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi xabar berdi.
Bugun Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi Qirg‘iz-O‘zbek universitetida “Oliy ta’lim tizimida integrasiya, hamkorlik va innovasiyalar” mavzusidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining I xalqaro forumi boshlanadi.
“Forumda ikki davlat oliygohlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi va oliy ta’lim transformasiyasi muhokama qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Tadbirda ikki mamlakatdan 70 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari va boshqa yirik ta’lim tashkilotlari vakillari qatnashadi.
Forum o‘z ishini 4 oktyabrga qadar davom ettiradi.