Britaniyada jadid she’riyatiga bag‘ishlangan ilk kitob ingliz tilida chop etildi

Britaniyada jadid she’riyatiga bag‘ishlangan ilk kitob ingliz tilida chop etildi

O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmanov taniqli britaniyalik shoir Endryu Stanilend bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" axborot agentligi.

Muloqot avalida britaniyalik shoir yaqinda Londonda ingliz tilida nashr etilgan o‘zbek jadid she’riyatiga bag‘ishlangan "Yangi usul, yangi she’riyat: jadidlar antologiyasi" nomli kitobning ilk nusxasini elchixonaga topshirgan.

Ushbu to‘plam Endryu Stanilendning o‘zbekistonlik shoir va tarjimonlar – A’zam Obid va Avazxon Haydarov bilan birgalikdagi ijodiy hamkorligi mahsuli ekanligi ta’kidlandi.

Kitobda jadidchilik harakatining yorqin namoyandalari — Abdulhamid Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiy Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, To‘lagan Xo‘jamyorov, Abdurauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Nozimaxonim kabi o‘zbek xalqining buyuk ziyolilari va shoirlari qalamiga mansub she’rlar o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan.

Shuningdek, to‘plam muqaddimasida jadidlar harakati tarixi, ma’rifatparvarlik g‘oyalari, ilg‘or ilm-fan yutuqlarini keng joriy qilish, milliy qadriyat va o‘zlikni saqlab qolgan holda zamon kishisini tarbiyalash kabi tashabbuslari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilgan.

Endryu Stanilend O‘zbekiston rahbariyati tomonidan jadidlar hayoti, ijtimoiy faoliyati va ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, qatag‘on qurboni bo‘lgan ma’rifatparvarlarning nomlarini oqlash, ular hayoti va ijodiga oid badiiy asarlar va kinofilmlar yaratish yo‘nalishida olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholagan.

Endryu Stanilendning aytishicha, yaqin orada "Uch qoraqalpoq shoiri" nomli to‘plamni ham nashr etilishi rejalashtirgan. Ushbu kitobda mashhur qoraqalpoq shoirlari Ajiniyoz, Berdaq va Ibroyim Yusupov she’rlari ilk bor ingliz tilida chop etiladi. Shuningdek, ushbu kitob orqali ingliz she’riyat muxlislari Qoraqalpog‘iston xalqining tarixi, urf-odatlari va madaniyati bilan yaqindan tanishishlari mumkin bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!