Bosma nashrlarning iqtisodiy ahvoli qachon yaxshilanadi?

Bosma nashrlarning iqtisodiy ahvoli qachon yaxshilanadi?

– Bugun hududiy bosma nashrlar faoliyatida ijobiy o‘zgarish kuzatilayotgan bo‘lsa-da, ko‘p tahririyatlar iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan, – deydi Andijon viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ulom Sultonov. – Qator gazetalarning adadi juda kam, sahifalarida o‘quvchini jalb qiladigan tahliliy-tanqidiy materiallar kam. Shu bois ham ayni paytda tahririyatlar faoliyatini sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish dolzarb masalalardan biridir.

Darhaqiqat, ayni kunda aksariyat bosma nashrlar qiyin iqtisodiy holatni boshidan o‘tkazmoqda. Gazeta qog‘ozi, bosmaxona xarajatlari tobora ortib bormoqda. Tahririyatlarda malakali kadrlar yetishmaydi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2011 yil 30 dekabrdagi “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori asosida tahririyatlarga soliq to‘lovlari bo‘yicha berilgan qator imtiyozlar muddati kelgusi yil 1 yanvardan tugaydi. Bu albatta, tahririyatlar iqtisodiy holatini yanada qiyinlashtiradi.

Xo‘sh, mana shunday murakkab sharoitda nima qilish kerak? Gazetalar adadi qachon ko‘payadi? degan savollar soha vakillarini o‘ylantirishi tabiiy. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, qachonki gazetalar sahifalarida hududlardagi dolzarb, fuqarolarni qiziqtiradigan mavzular ochiq oydin yoritilsa, mavjud muammolar yuzasidan tahliliy-tanqidiy materiallar muntazam berib borilsa, qolaversa, tahririyatda obunani tashkil etish, gazetxonlar auditoriyasini kengaytirish bo‘yicha marketing ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsagina gazetalarning adadi ortadi, bu esa o‘z-o‘zidan tahririyatlarning iqtisodiy jihatdan baquvvat va mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi.

Andijonda o‘tkazilgan “Hududiy bosma nashrlarning iqtisodiy holatini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar” mavzusidagi seminar-treningda shu haqda so‘z bordi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Andijon viloyati matbuot va axborot boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda bosma nashrlar muharrirlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda hududiy ommaviy axborot vositalari iqtisodiy holatini yaxshilash, tahririyatlar faoliyatida marketing ishlarini yo‘lga qo‘yish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, obuna, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda jurnalistlarning roli va mazkur jarayonda kasbiy etika tamoyillariga amal qilish masalalari xususida fikr almashildi. Tahririyatlar faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, gazetalarni mazmunan boyitish, saviyasi va o‘qimishligini oshirish, jurnalistlarning kasbiy malakasini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

“Hududiy bosma nashrlarning bugungi iqtisodiy holati: menejment va marketing yo‘nalishidagi ishlarni tashkil etish”, “Hududiy nashrlarda axborotlarni tayyorlash – kontent masalasi”, “Jurnalist tekshiruvini olib borish bosqichlari va tamoyillari” kabi mavzularda mutaxassislarning ma’ruzalar tinglandi.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!