Bloger Sherali Komilov ayollarni chuv tushirish va tergov hibsxonasi xodimlarini haqorat qilganlikda ayblanmoqda

1979 yilda tug‘ilgan Komilov Sherali Nabixonovich, muqaddam 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 14.03.2022 yilda 168-modda 3-qismi “b” bandi bilan sudlangan bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tmasdan o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib,
- 2021 yilning 6 iyun kuni fuqaro SH.S.ga (ayol) o‘zini mustaqil jurnalist va bloger, deb tanishtirib, ayolning o‘g‘li 1999 yilda tug‘ilgan SH.A.ga nisbatan Koson tumani jinoyat ishlari sudining Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi “b” bandi hamda 137-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bo‘yicha hukmini ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilib, sun’iy shov-shuv ko‘tarib, sudning keyingi instansiya qarorlariga ta’sir o‘tkazib, jazoni yengillashtirib berishni va’da qilgan, hamda jabrlanuvchidan 5 mln. so‘m miqdorda pul undirib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan;
- 2021 yilning 17 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida fuqaro S.G. (ayol)ning, ishonchiga kirib, sobiq turmush o‘rtog‘i qarz bo‘lib qolgan ma’lum miqdordagi aliment pulini undirib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan aldov yo‘li bilan 5 mln. so‘m miqdorida pulini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;
- 2021 yilning dekabr oyida fuqaro Q.X.ni uy-joy bilan bog‘liq muammoli masalasini hal etib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan turli vaqtlarda, 3 mln, so‘ng 300 AQSh dollari miqdorida pullarini aldov yo‘li bilan undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;
- 2022 yilning 19 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Qarshi shahar 5-son tergov hibsxonasi xodimi M.A. va Qarshi shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi xodimi B.B.ni sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilganlikda ayblanadi.
Hozirda SH.Komilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi, 140-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida xavfli residivist, deb topilib, tergov organlaridan yashiringanligi sababli, qidiruv e’lon qilingan.