Berlinda “O‘zbekistonlik” filmining ikkinchi epizodi premyerasi bo‘lib o‘tdi

Berlinda “O‘zbekistonlik” filmining ikkinchi epizodi premyerasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida “O‘zbekistonlik” xalqaro forumi va xorijda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz haqida hikoya qiluvchi “O‘zbekistonlik” filmining ikkinchi epizodi premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Forum ikki yuz nafardan ortiq muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz, shuningdek, Yevropa diplomatlari, biznesmenlar, kreativ industriya vakillari va yevropalik ekspertlarni birlashtirdi.

“O‘zbekistonlik” forumi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Orient Group kompaniyasi va Uzbekistan Airways milliy aviatashuvchisi ko‘magida tashkil etilgan. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – chet davlatlarida yashab, faoliyat olib borayotgan va turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklarni birlashtirish hamda ular bilan ona vatan o‘rtasida muloqot o‘rnatib, hamkorlik ko‘prigini yaratishdir. Shuningdek, mamlakatning intellektual hamda iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda hamkorlikdagi loyihalar amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Forumning ochilishida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov videomurojaati namoyish etildi.

Forum doirasida “Aral Dream” xalqaro PR-dasturi taqdimoti o‘tkazildi. Uning yordamida tadbir mehmonlari o‘z mobil qurilmalarida yangi Araldream.com onlayn-habidan foydalanib, Orolbo‘yi muammolari hamda ularni hal etishning innovasion yo‘llari haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, mehmonlarga Orolbo‘yi muammosiga bag‘ishlangan “Sho‘rxok” qisqa metrajli filmi premyerasi hamda O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov va Elektrooko guruhi ijrosidagi “Ertangi kun” videoklipi namoyish etildi. Ushbu musiqiy kompozisiya “Orol orzusi” loyihasining bir qismi bo‘lib, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov o‘zining videomurojaatida ta’kidlaganidek, bugungi kunlda jamoatchilik e’tiborini ekologik fojea va iqlim o‘zgarishlariga jalb etish o‘ta zarur.

Forumning yakunlovchi qismida “O‘zbekistonlik” filmining ikkinchi epizodi premyerasi namoyish etildi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev g‘oya muallifi sifatida forum qatnashchilari qarshisida videomurojaat orqali so‘zga chiqdi.

Rejissyor Muxlisa Azizova tomonidan suratga olingan filmda ikki nafar vatandoshimiz bosib o‘tgan murakkab yo‘l va ular erishgan yutuqlar haqida so‘z boradi. Ulardan biri – Dmitriy Bogdanov. Dastlab Toshkentda, keyin esa Berlinda o‘qishni tamomlagan. Xorij ta’lim muassasasida u fazoviy texnologiyalar yo‘nalishini tanlagan va bu qaror uning hayotida hal qiluvchi bo‘lgan. Bugun hamyurtimiz dunyoga mashhur milliarder Ilon Maksning “Space X” kompaniyasi uchun sun’iy yo‘ldoshlarni yetkazib beruvchi ExoLaunch kompaniyasi asoschisidir. Navoiylik Mushtariy Sharifovaning hikoyasi tomoshabinlarni befarq qoldirmasligi aniq. U O‘zbekistonda va xorijning University of Applied Sciences in Europe oliygohida biznes va menejment yo‘nalishida tahsil olgan. Mushtariy Tesla kompaniyasiga ishga kirgan ilk o‘zbekistonlik qiz bo‘ldi.

“O‘zbekistonlik” filmini Uzbekistan’s Club Youtube-kanalida tomosha qilish mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!