Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi noma’lum yo‘nalishlarga parvozlarni amalga oshiradi

Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi noma’lum yo‘nalishlarga parvozlarni amalga oshiradi

Avstraliyaning eng yirik Qantas aviakompaniyasi koronavirus pandemiyasi paytida ichki turizmni rivojlantirish uchun noma’lum yo‘nalishlarga parvoz uyushtirishni boshlaydi. Bu haqda CNN ma’lumotiga tayanib Meduza xabar berdi.

«Sirli parvozlar» deb nomlangan reysga chiqish paytida yo‘lovchilar qayerga ketayotganini aniq bilmaydi. Parvoz paytida ular qayerga ketayotganlarini taxmin qilish uchun samolyot yo‘nalishini o‘rindiq orqasidagi ekranlarda kuzatib borishi mumkin. Chiptalar 4 martdan sotuvga chiqadi. 27 mart, 18 aprel va 1 may kunlari Brisben, Sidney va Melburndan uchish rejalashtirilgan. Reyslar 120 yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737 laynerlari orqali amalga oshiriladi.

Safar bir kunga mo‘ljallangan. Parvoz ertalab soat 7 atrofida boshlanadi, uchish oldidan yo‘lovchilar dam olish zonasida nonushta qiladi. Yo‘lovchilar kechqurun ortga qaytadi. Bir tomonlama parvoz, taxminan, ikki soat davom etadi va samolyot ayrim diqqatga sazovor joylar bo‘ylab past balandlikda uchadi.

Aviakompaniya «sirli parvozlar» yo‘lovchilari uchun bir qancha tavsiyalar berdi. Masalan, Brisbendan amalga oshiriladigan parvozlar qishloqcha mehmondo‘stlik, tansiq taomlar, sharob va ochiq havoda dam olishni yaxshi ko‘radiganlar uchun mos keladi. Sidneydan parvozlar tropik dengiz sohilida dam olishni afzal ko‘radiganlar uchun, Melburndan parvozlar toza havo, tansiq taomlar va dehqon bozorlarini sevuvchilar uchun mos keladi.

Ekonomklass chiptalarining narxi 737 Avstraliya dollari (577 AQSh dollari), biznesklass chiptalariniki esa 1570 Avstraliya dollari (1220 dollar) etib belgilandi.

Ma’lumot uchun, Avstraliyada koronavirus pandemiyasi tufayli chet elga sayohatga chiqish taqiqlangan. Mamlakatni tark etishni istaganlar Ichki ishlar vazirligidan ruxsat olishi kerak. Qantas 2021 yil oktyabr oyining oxiriga qadar xalqaro reyslar yo‘lga qo‘yilishiga umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliyada koronavirus tufayli yuz yilda birinchi marta eng zich joylashgan ikki shtat — Yangi Janubiy Uels va Viktoriya chegaralari yopilgan. Bundan avval shtatlararo chegaralar 1919 yilda «ispan grippi» pandemiyasi davrida yopilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!