AQSh va Eron mojarosiga Germaniya aralashmoqchi

AQSh va Eron mojarosiga Germaniya aralashmoqchi

Bag‘dodda Amerika tomonidan Eronning eng qudratli harbiy qo‘mondoni sanalgan general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi Yaqin Sharqdagi vaziyatni battar keskinlashtirib yubordi.

Mintaqada urush xavfi vujudga keldi. Ahvol shu darajadaki, go‘yo bitta gugurt chaqsa yonib ketadigandek. Tahdidlar ham ochiqcha yangrayapti.

Xususan, Eron Sulaymoniyning o‘limi uchun o‘ch olishini bildirdi. AQSh ham qarab turmoqchi emas. Oq uy rahbari agar Tehron amerikaliklarga hujum qilsa, uning armiyasi Eronning 52 muhim ob’ektiga zarba berishini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar juda tez va juda kuchli bo‘ladi.

Xo‘sh, vaziyatni kimdir yumshata oladimi? Chunki hozirgi «san-man»lar shunchaki og‘izda bo‘lib qoladiganga o‘xshamayapti... O‘rtaga Germaniya tushmoqchi. Gap shundaki, ushbu davlat Yaqin Sharqdagi vaziyat murakkablashishining oldini olish uchun barcha diplomatik imkoniyatlardan foydalanish niyatida. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas «Bild» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Uning qayd etishicha, yaqin kunlarda Germaniya tashqi ishlar vazirligi Vashington va Tehron o‘rtasidagi mojaroning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun BMT va Eron bilan muloqotda barcha imkoniyatlardan foydalanadi. «Hozir har qanday provokasiya butun mintaqa, shuningdek, Yevropa xavfsizligi uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin», deydi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!