Aprelda konsert: “Million” behayo hazillardan foydalanmaslikka va’da berdi
Davron Kabulov boshchiligidagi Million jamoasi yangi konsert dasturi kunlarini e’lon qildi. Kabulovning ijtioiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilinishicha, jamoa bu yil 1-10 aprel kunlari Xalqlar do‘stligi san’at saroyidagi navbatdagi konsert dasturini taqdim etadi. Bu haqda qalampir xabar berdi.
Katta mamnuniyat va quvonch bilan ma’lum qilamizki, Million o‘zi uchun alohida qadrli bo‘lgan aprel oyining dastlabki 10 kunini Xalqlar do‘stligi saroyida o‘tkazadi. Bu yilgi konsert sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilish yo‘lida harakat qilayotgan jamoamiz uchun alohida ahamiyatga ega: bundan buyon behayo va arzon hazillardan qochish, jiddiy, dolzarb va qaynoq mavzularga murojaat qilish maqsadimizdir , deydi Davron Kabulov.
Jamoa so‘nggi konsert dasturini o‘tgan yilning 22-31 oktyabr kunlari taqdim etgan edi. Davron Kabulov navbatdagi konsertda kutilayotgan yangiliklar haqida gapirarkan, shunday deydi:
Sahna dekorasiyalari va grafikalariga original yondoshuv, kutilmagan musiqiy syurprizlar tayyorlab qo‘yilgan. Oldindan katta gapirmaymiz: ishimiz bilan ko‘rsatishga harakat qilamiz. Siz qarsagingiz orqali to‘g‘ri va chin bahoni berasiz .
Million , Dizayn , Bravo kabi jamoalar oxirgi oylarda yana tanqidlar markazida bo‘lib turibdi. Biroq, bular orasida eng ko‘p tanqid Dizayn va Bravo ga qaratilgan. Ayniqsa, Bravo ning ilk konsert dasturi haligacha ko‘plab tomoshabinlar va OAV vakillarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Bugungacha Million ham bir necha bor qattiq tanqidlarga uchragan. Kabulovning gaplaridan ko‘rinib turibdiki, jamoa o‘tgan yillardagi konsertlarda behayo va arzon hazillarni namoyish etib kelgan. Xo‘sh, jamoa bu yil ochiq hazillardan qay tarzda voz kecha olarkin?