Andijonda rekord miqdorda aliment to‘landi
Xizmat safari bilan xorijga chiqishi uchun 4 nafar farzandi bor ota 547 mln. so‘m miqdorida aliment to‘lashiga to‘g‘ri keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor M.SH. undiruvchi M.SH. foydasiga 4 nafar farzandi ta’minoti uchun aliment to‘lab borishi belgilangan.
Ijro harakatlari davomida aliment pullari har oyda undirib kelingan.
Qarzdor M.SH. ayni kunlarda chet elga xizmat safariga chiqish zarurati bo‘layotgani sababli aliment pullarini oldindan to‘lashini bildirdi.
Majburiy ijro byurosi Andijon tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra, qarzdorning oylik ish haqi daromadlari hisobidan 5 yillik aliment pullari hisob-kitob qilib berildi.
Shundan so‘ng, sudning ajrimiga binoan 4 nafar farzandning alimenti uchun 2029 yil 30 iyunga qadar hisoblangan 547 mln. so‘mni oldindan to‘lash shaklida ijro etish usuli o‘zgartirildi.
Qarzdor M.SH. 547 mln. so‘m aliment pullarini to‘liq to‘ladi va qarzdorga nisbatan qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi.