Andijonda fuqarolarga qurol bilan tahdid qilib, pul olgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi
Andijon shahrida fuqarolarga qurol va o‘tkir tig‘li buyumlar bilan tahdid qilib, kriptovalyuta orqali tovlamachilik bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.
Bu haqda Andijon viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi. Tezkor tadbirlar organning Tezkor-qidiruv departamenti, hududiy bo‘linmalar hamda DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, jinoiy guruh a’zolari kriptoaktivlar ayirboshlash bilan shug‘ullanib yurgan shaxsni kuzatib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular jabrlanuvchini shahardagi supermarketlardan biri oldiga chaqirib, Damas avtomashinasiga o‘tkazgan va noqonuniy kriptoaktivlar muomalasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitgan. Agar tanishi orqali kriptohamyonga 150 ming AQSh dollari o‘tkazilmasa, javobgarlikka tortilishini aytib, zo‘ravonlik va tahdidlar qo‘llagan.
Qo‘rqitish va qiynoqlar natijasida jabrlanuvchidan jami 100 ming AQSh dollari miqdoridagi kriptovalyutani tovlamachilik yo‘li bilan o‘zlariga tegishli kriptohamyonga o‘tkazishgan. Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi uchinchi qismi “a” bandi hamda 176-moddasi uchinchi qismi “a” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu guruh a’zolaridan biri ayol kishiga nisbatan zo‘ravonlik ishlatib, tan jarohati yetkazgani, qimmatbaho mobil telefonini tortib olgani va 10 mln so‘m talab qilgani aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha unga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi bilan alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoiy guruh a’zolaridan ikki nafari — 1995 yilda Andijonda tug‘ilgan Minhojiddin Alimov (“Hoji”) va Abdumalik Shokirov (“Muftiy”) hozirda O‘zbekiston hududidan chiqib ketgani, ularni qo‘lga olish bo‘yicha qidiruv e’lon qilingani ma’lum qilindi. Qolgan guruh a’zolari mamlakat hududida bo‘lib, ularga nisbatan tezkor tadbirlar davomida jinoyat holatlari aniqlangan va prosessual choralar ko‘rilmoqda.
Ichki ishlar organlari ushbu jinoiy guruh tomonidan jabrlangan fuqarolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
