Alisher Usmonov muvaffaqiyatining siri nimada? (3-qism)

Alisher Usmonov muvaffaqiyatining siri nimada? (3-qism)

O‘zA Milliy axborot agentligi asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning muvaffaqiyatiga erishish tarixi haqidagi maqolaning 3-qismini e’lon qildi. UZ24 uni to‘lig‘icha keltiradi.

Blumberg nashriyoti 2012 yilning mart oyida Alisher Usmonovni Rossiyaning eng badavlat kishisi, deb e’lon qildi. Shu paytda uning 20 milliard AQSh dollarlik mol-dunyosi bor edi. “Blumberg markets” jurnali 2013 yili Alisher Usmonovni dunyoning besh nafar eng mashhur biznes kishilari qatoriga qo‘shdi.

Alisher Usmonov ko‘p joylarda ishladi, turli vazifalarni bajardi, tinmadi. 1997 yili yirik investisiya loyihalarini joriy etish bo‘yicha maxsus tuzilgan PAO “Gazprom”ning sho‘’ba (dochernyaya) kompaniyasida 15 yil bosh direktor bo‘lib xizmat qildi. Va nihoyat, tarkibida “Metalloinvest” xoldingi, “MegaFon” va “Skartel” aloqa operatorlari, internet-bozoridagi rus segmentining lideri bo‘lgan Mail.Ru Group, Disney Russia (Disney Rasha), “MUZ-TV” va “Yu” telekanallarini birlashtirib o‘zining nomidagi “USM Holdings” kompaniyasiga asos soldi.

Alisher Usmonov Rossiyadagi bag‘ri keng, qo‘li ham ko‘ngli ham ochiq xomiylardan biri hisoblanadi. 2007 yili Londondagi mashhur Sotbis auksionida sotilish arafasida turgan mashhur sozanda Mstislav Rostropovich bilan uning rafiqasi, opera qo‘shiqchisi Galina Vishnevskayaning umumiy bahosi 111 mln 750 ming dollar qiymatga ega bo‘lgan 450 lotli kolleksiyasini xarid qilib olib Rossiya davlatiga hadya etdi. 2007 yili Amerikaning Oleg Vidovga qarashli “Films by Jove, Inc” kompaniyasidan sobiq Ittifoq davrida qandaydir yo‘llar bilan xorijga ketib qolgan sovet multfilmlariga bo‘lgan huquqini to‘laligicha sotib oladi va Rossiyaning “Bibigon” bolalar telekanaliga hadya qiladi.

Alisher Usmonovning “San’at, fan va sport” Fondi Frans Xals Starshiy chizgan “Mark yevangelist” kartinasini sotib olib bir vaqtlar chet elga olib ketilgan bu mashhur tasviriy san’at asarini Moskvadagi Pushkin nomli tasviriy san’at davlat muzeyiga qaytarib berdi. 

Alisher Usmonov Rossiya futboli va futbol o‘yinchilarining ham katta ishqibozi, shinavandasi, xomiysi. 2015 yil u Rossiya futbol uyushmasiga 1 millard rubllik beg‘araz homiylik yordami ko‘rsatdi. Undan biroz ilgari Rossiya futbol uyushmasiga 400 million rubl o‘tkazib, terma komandaning avvalgi treneri Fabio Kapelloga qarz bo‘lib qolgan 8 oylik ish haqini to‘lab bergan edi.

Alisher Usmonov 10 yildan buyon (2008 y.) qilichbozlik bo‘yicha Xalqaro federasiya prezidenti. 2014 yil Sochida o‘tgan XXII qishki Olimpiya o‘yinlari va XI Parolimpiya o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish Kengashining a’zosi, Rossiya olimpiadachilarini qo‘llab-quvvatlash vasiylik Kengashining ham a’zosidir.

Toshkentda qilichbozlik seksiyasiga qatnashib yurgan kezlari Alisher badiiy gimnastika bo‘yicha olimpiya chempioni Irina Vinner bilan tanishib qoladi. Keyin ko‘pchilikka ma’lum bo‘lishicha, sud, qamoq, ayriliq... Qamoqda o‘tirgan paytida Alisher Irinaga bo‘lgan qalbidagi hissiyot oddiy bir havas emas haqiqiy muhabbat ekanligini anglaydi. O‘zi shaxsan uchrashib mehr-muhabbatini izhor qilishga imkoni bo‘lmagan Alisher 1980 yili qamoqda turib yaxshi ko‘rgan mahbubasi Irina Vinnerga chiroyli gulli ro‘molcha jo‘natadi. Bu qadimgi urf-odatga ko‘ra yigit ko‘nglidagi ayol bilan turmush qurish niyati borligidan dalolat berar edi. Irina buni qalban his etadi va o‘zi kutayotgan voqea sodir bo‘layotganini sezib rozi bo‘ladi. Bu mashaqqatli og‘ir ayriliq yillari ko‘ngli o‘ksik Alisherning yagona tayanchi Irina Vinner bo‘ldi. Ular doimo maktub yozishib, arzu dodlarini aytib bir birini yupatishar edi. Alisher bilan Irina qamoqdan chiqqandan keyin nikohdan o‘tishdi. Shunday qilib 1992 yili qilichbozlik ustasi Alisher bilan Olimpiya chempioni Irina Vinnerning to‘yi bo‘lib o‘tadi.

Sportdan chiqqan Usmonovlar oilasi mana hozir ham katta sport ishlari bilan mashg‘ul. Alisher Usmonov qilichbozlik bo‘yicha Xalqaro Federasiya Prezidenti bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i Irina Vinner badiiy gimnastika bo‘yicha Xalqaro Federasiya Prezidenti va Badiiy gimnastika bo‘yicha Xalqaro Federasiyasi texnika qo‘mitasining vise-Prezidentidir.

2016 yili 12,5 milliardlik mol-mulki bo‘lgan Alisher Usmonov Rossiyaning 200 nafar eng boy biznesmenlari qatoridan 3 o‘rinni oldi. 2017 yili uning mablag‘i 15,2 millard AQSh dollari bo‘lib 5 o‘rinni egalladi. Bir biznesmen mol-mulkiga tegishli turli raqamlarni keltirishimizdan hayron bo‘lmang, ochiq, rasmiy, oq biznes ana shunaqa bo‘ladi. Jahondagi iqtisodiy silsilalar, inqirozlar tufayli bir gal 20 millard bo‘lib turgan kapitalingiz shu kungi neft, gaz yoki oltinning bahosiga qarab 15 milliardga tushib qolishi yoki ko‘tarilib ketishi mumkin.

Endi eng so‘nggi yangiliklardan bittasiga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 2018 yili bahorda Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida buyuk kinoaktyor, rejissyor, jahon "so‘zsiz kino"sining “qiroli” deb nom olgan mashhur Charli Chaplinning “Katta shahar chiroqlari” filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi. 1930 yillar jahon kinematografiyasining shedevri deb e’tirof etilgan bu film Rossiya Milliy filarmoniyasi orkestrining badiiy rahbari, buyuk dirijyor Vladimir Spivak rahbarligida yangragan jonli musiqa sadolari ostida namoyish etildi. Mazkur konsert dasturi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi bilan Alisher Usmonovning “San’at, fan va sport” Rossiya fondi tomonidan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur film-konsent kino san’ati endi paydo bo‘layotgan XX asr boshlaridagi madaniy muhitni, u paytda endi namoyish etila boshlagan dastlabki kino-filmlarni, o‘sha davr va muhitni eslatdi.

Sarmoyador vatandoshlarimizning insonparvarlik faoliyatini ko‘rib xursand bo‘lasan kishi. Bir yerdan, bir eldan bo‘lganingga, ularning ishbilarmonligi, uddaburonligi, maqsadni aniq qilib qo‘yishi va unga albatta erishishini, ayni bir paytda qo‘lining ochiqligiyu bag‘rining kengligiga havas qilasan, faxrlanasan. Gap shundaki, bugun o‘z vatani O‘zbekistonga investisiya kiritishni xohlayotgan xorijdagi o‘zbeklar bitta emas: Iskandar Mahmudov, Fattoh Shodiyev, Alisher Usmonov ana shular qatoridan o‘rin olgan. Ular o‘z vatanidagi so‘nggi olamshumul o‘zgarishlarni ko‘rib bir emas bir nechta loyihalarda qatnashishga, ezgu ishlar qilib o‘zlari haqida yaxshi nom qoldirishga oshiqishmoqda.

O‘zbekistonda ko‘proq tanish bo‘lgan, xalq orasida ham yuqori doiralarda ham katta obro‘-e’tiborga ega Alisher Usmonov Toshkentdagi Islom madaniyati markazi qurilishiga mablag‘ ajratish niyatini borligini bildirdi. Shunday qilib, boshqa davlatda, o‘zga tamaddun hukmron bo‘lgan muhit-sharoitda ko‘p yillardan buyon yashayotgan bo‘lsa ham hamyurtlarimiz qalbida Vataniga, o‘zlari uchun muqaddas bo‘lgan ota makon, ona tuprog‘iga sodiqligi, hurmati, mehru muhabbati saqlanib qolgan.

Rossiyalik vatandoshlarimiz Buxoroi sharifdagi turistlar saylgohi qurilishiga O‘zbekiston hukumati va boshqa investorlar bilan hamkorlikda mablag‘ kiritish istagini bildirdilar. Alisher Usmonovning mablag‘i hisobiga yaqin kunlarda Buxoro shahri va uning atrofida 10 gektardan kattaroq bo‘lgan maydonda butun bir zamonaviy turistik kompleks - sayilgoh paydo bo‘ladi.

Yangi turistik saylgoh G‘ijduvon ko‘chasi va "Ko‘xna va boqiy Buxoro" madaniy majmuasi oralig‘ida joylashgan joyda barpo etiladi. Saylgoh maydonida pastqavatli zamonaviy mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va savdo-ko‘ngilochar markazlarini barpo etish rejalashtirilgan. Ularda kunu-tun chet ellik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish va maroqli hordiq chiqarish ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Turistik zonada turli shoular, o‘tmish voqealari aks ettirilgan teatrlashtirilgan konsert tomoshalari namoyish etiladi va folklor ansambllari bilan bir qatorda zamonaviy estrada xonandalari chiqishlari, milliy modalar namoyishi va boshqa tomoshabop tadbirlar tashkillashtiriladi.

Yangi turistik hudud Internetga to‘liq bepul ulanish imkoniyatini beradigan Wi-Fi - "vay-fay” bilan qamrab olinadi

Yaxshi niyatli, bag‘ri keng, ko‘ngli ham qo‘li ham ochiq odamlar topilsa jumlai jahon yordam ko‘rsatayotgandek bo‘lar ekan. Saylgoh – majmuada katta mulkdorlar uchun alohida, o‘rta va kichik tadbirkorlar uchun alohida va fuqarolar uchun ham alohida shinam, narhi ham arzonroq bo‘lgan turli toifadagi mehmonxonalar, restoranlar, milliy sovg‘a-salom suvenir do‘konlari, butun bir dam olish, hordiq chiqarish markazi qurilishi rejalashtirilgan.

Uzoq yillar davomida boshqa yurtda, boshqa muhitda faoliyat ko‘rsatgan mashhur vatandoshlarimiz O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim bo‘lgan bugungi kunda o‘z vatanining quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lish niyatini bildirmoqdalar. Buni tushinsa bo‘ladi, vatandoshlarimiz qayerda, u Belgiya bo‘ladi-mi, Rossiya-mi, Qozog‘iston-mi va qanday sharoitlarda bo‘lmasin, bugun ular uchun kindik qoni to‘kilgan ota-bobolari makoniga, oltin tuprog‘iga teng jannat bo‘lmasa kerak dunyoda. Bobo va momolarining mozorlari bo‘lgan bu mo‘’tabar-muqaddas yerda ularni avlod-ajdodlarining ruhi qo‘llab quvvatlaydi. Boz ustiga, belgiyaliklar juda xush ko‘radigan "kartofel chipsi"si yoki "belgiya vaflisi" bo‘ladimi, ruslarning pelmeni, borshchi-mi yoki qozoqlarning beshbarmog‘i-mi, bari-bir suv bo‘yidagi salqin-soyada joylashgan o‘zbek choyxonasida, qozonda, ochiq havoyu ochiq olovda tayyorlanayotgan choyxona paloviga, bug‘i chiqib turgan samovar choyiga, bu yerdagi do‘stlarining hazilu askiyalariga, shirin suhbatiga nima yetsin. O‘zbek qayerda bo‘lmasin bu muhitni sog‘inadi, qo‘msaydi, unuta olmaydi, borgan joyidan albatta qaytib keladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!