Alisher Navoiyning biz bilmagan tomonlari

A A A
Alisher Navoiyning biz bilmagan tomonlari

Alisher Navoiyning biz bilmagan tomonlari
Bugun 9 fevral. She’riyat mulkining quyoshi, Amirul kabir , Amir ul-muqarrab unvonlariga musharraf bo‘lgan buyuk bobokalonimiz Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavallud topgan kun.

Biz maktab davrlaridanoq bu ulug‘ zot haqida ko‘plab ma’lumotlarni eshitib ulg‘ayganmiz.

Bugun Alisher Navoiy deganda, nafaqat ulug‘ shoir, mutafakkir, shu bilan birga buyuk qalb egasi, saxovatpesha inson ko‘z jldimizda namoyon bo‘ladi. Ammo hali ham ta’lim muassasalari sahnalaridan olib tashlanmagan Navoiy va Guli monologi singari siyqasi chiqqan ko‘rinishlar odamni o‘yga toldiradi. Tasavvufona asarlari bilan olamni larzaga solgan bobomizga boshqacha teranroq ko‘z bilan qarash payti kelmadimikan?

Tobora qadri oshib borayotgan zamonaviy o‘qituvchilar nahot G‘iyosiddin Xondamirning Makorim ul-axloq asari bilan tanish bo‘lmasalar. Bugun sizga Hazrat Navoiyning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlarni havola etamiz.

Navoiy me’ros sifatida otasidan qolgan o‘ziga tegishli sarmoyani tadbirkorlik bilan ishlatib, qisqa muddatda boyib ketgan. U, asosan, bog‘u-rog‘lar yaratgan, dehqonchilik ishlariga e’tabor qaratgan. Navoiy hazratlariga tegishli barcha yerlar 500 jeribni tashkil etgan. Olingan daromadlar madaniy-ma’rifiy inshoatlar, obod manzillar barpo etishga, xayriya ishlariga, ilmga sarflangan.

Navoiy Hirotdagi Injil anhori bo‘yiga hovli qurdirgan. Uning maydoni 30 jerib (0,25 sotix)dan iborat bo‘lgan. Mehmonxonada 100 dan ziyod odamga dasturxon yozsa bo‘lar ekan.

Navoiyga tegishli savdo rastalari ham bo‘lgan, ular eng gavjum bozorlarda joylashgan. Ushbu savdo rastalarida toshu tarozining to‘g‘riligi, xaridor haqiga xiyonat qilmaslik, olib kelingan molga yo‘l xarajatlaridan tashqari ortiqcha pul qo‘ymaslikni shaxsan Navoiy hazratlarining o‘zlari nazorat qilib turganlar.

Navoiy bir gal Husayn Boyqaroning davlat xazinasida xarajatlar ko‘payib ketgan paytda, soliqlar xalqdan yig‘ilsa, ahli muslimga jabr bo‘lur, deya o‘z hisobidan 25000 dinorni to‘lab yuborgan.

Navoiy o‘zi barpo etgan madrasalarning mudarrislari, talabalari, hatto oshpaz va farroshiga ham sersaxovatlik bilan maosh to‘lab yurgan. Eng ilmli talabalarga shaxsan Navoiyning o‘zi oyiga 24 oltin pul va yiliga besh qop oshlik bergan. O‘sha vaqtda talabaning bir oylik nafaqasiga 5ta semiz qo‘y olish mumkin bo‘lgan.

Navoiy huvillab yotgan Guzurgoh dashtini 4-5 yil ichida obod maskanga, serhosil yerga, ko‘rkam qishloqqa aylantirgan. Buni ko‘rgan Husayn Boyqaro hayratdan yoqa ushlagan.

Navoiyning otasidan qolgan me’ros, o‘ziga davlat amaldori sifatida ajratilgan molu mulk va yerlardan keladigan daromad kuniga 18000 shohruhiy dinorni tashkil etgan.

Navoiy otasidan qolgan mol-mulkni, to‘plagan jami boyliklarini xalq uchun 300dan ziyod inshoat barpo etishga sarflagan.

Navoiy 3 marta haj ziyoratiga otlangan. Lekin turli sabablar bilan unga hajga borish nasib qilmagan.

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV.

P.S. Ushbu ma’lumotlarni yig‘ishda Umid Bekmuhammadning Navoiy armonlari nomli tarixiy-ilmiy esselar kitobidan foydalanildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!