Aliment to‘lamagan yana bir ota 15 sutkaga qamaldi
Barchamizga ma’lumki, farzandlarga moddiy yordam ko‘rsatishni rad etish bola huquqlarining buzilishi hisoblanadi. Albatta, har bir inson u yoki bu vaziyatda qanday yo‘l tutishni o‘zi tanlaydi. Biroq, tanlangan yo‘l bolaning yuzidagi tabassumi va quvonchidan mahrum qilmasligi lozim.
Afsuski, bugungi kunda aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamasdan, farzandlarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelayotgan fuqarolar haqida tez-tez eshitib turamiz. Aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamasliklari hisobiga bolani moddiy va ma’naviy ozuqadan mahrum qiladilar.
Buni Byuroning Navbahor tuman bo‘limi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor U.O‘.dan undiruvchi M.T.ning foydasiga ikki nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi ijro hujjati misolida ko‘rsak bo‘ladi.
Ushbu ijro hujjati yuzasidan qarzdor U.O‘. jami 18 mln. so‘mdan ortiq aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamasdan majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlab yashirinib yurgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qarzdor U.O‘. joriy yilning avgust oyida Navoiy shahridagi choyxonada spirtli ichimlik iste’mol qilib yurgan vaqtida ushlangan hamda unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilib, 05.08.2024 yilda qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq qo‘llanilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Zimmasidagi mas’uliyat va sud qarori ijrosini ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelayotgan qarzdorlarni ko‘plab misol keltirish mumkin. Biroq, aliment bu qarz emas, balki farzand voyaga yetgunga qadar beriladigan ta’minotdir. Buni bajarish esa, har bir ota-onaning burchi.