2028 yilgacha QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmaydi
Qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari 2028 yil 1 yanvargacha oshirilmaydi.
Ushbu tartib joriy yil 27 dekabrda qabul qilingan «Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-229-son farmonda belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan va belgilangan shartlarga javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilandi.
2025 yil 1 apreldan daromadidan qat’i nazar, farmasevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar QQSni to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilinadi.
Markaz tadbirkorlarga xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlaridan davlat kafolatisiz mablag‘lar jalb qilish bo‘yicha konsalting xizmatlar ko‘rsatadi.
2025 yilda aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ajratiladigan kreditlar uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga (Kompaniya) 100 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
2025 yil 1 yanvardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kalibrovka qilish va maxsus idishlarda qadoqlash loyihalari hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Kompaniya resurslari hisobidan milliy valyutada revolver kreditlar ajratiladi.
2025 yil 1 yanvardan:
- bojxona chegarasidan olib chiqiladigan har bir kilogramm paxta ip-kalavasi uchun yig‘im uning eksport narxidan 2 foiz miqdorda, biroq 0,05 AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda o‘rnatiladi;
- bojxona chegarasidan olib chiqiladigan har bir kilogramm trikotaj mato uchun yig‘im uning eksport narxidan 1 foiz miqdorda o‘rnatiladi.