2019-2023 yillarda 77 nafar sportchining kelishilgan o‘yinlardagi ishtiroki aniqlangan

2019-2023 yillarda 77 nafar sportchining kelishilgan o‘yinlardagi ishtiroki aniqlangan

Ba’zan respublika va xalqaro sport musobaqalarida, futbol o‘yinlarida adolatsiz qaror chiqarilgani, hakamlarning qaysidir sportchi yoki jamoaga «sotilgani» haqidagi gap-so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Tomoshabinlar, ayniqsa, futbol ishqibozlari hakamlarning bir tomonga yon bosganini, ataylab adolatsizlik qilgani yaqqol sezilganini muhokama qilishadi.

Sport sohasidagi bu kabi ko‘ngilni xira qiladigan korrupsiya holatlari sohada adolatlilik buzilishiga sabab bo‘ladi. Ma’lumotlarga qaraganda, yurtimizda 2019-2023 yillarda 30 nafar futbolchi va hakamlar, 8 nafar murabbiy, 7 nafar futbol klublari rahbari va 2 nafar futbol klubi ma’muriyati xodimi – jami 77 nafar sportchining kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani aniqlanib, tegishli choralar qo‘llanilgan.

Sportdagi korrupsiya holatlari, birinchi navbatda, sportchilar, havaskorlar, millionlab tomoshabinlarning sohaga ishtiyoqi, ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Minglab yoshlarni professional sportga jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilayotgan bir vaqtda korrupsiyaviy holatlar sportni rivojlantirishga to‘siq bo‘ladi, teng huquqlilik prinsipi, adolat tamoyillarining buzilishiga olib keladi.

Endilikda bunday holatlarning oldini olish maqsadida qonunchiligimizda jinoiy javobgarlik masalasi ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi tegishli moddalar bilan to‘ldirilib, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi hamda sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan «Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ayni paytda parlament quyi palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlash joizki, mazkur qonun loyihasi bilan milliy qonunchiligimiz zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yanada takomillashadi. Sohada korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanadi, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi. Pirovard natijada esa sport sohasida halollik, odillik ta’minlanadi, yoshlarning, ota-onalarning sportga bo‘lgan qiziqishi, ishtiyoqi oshadi.

Shu o‘rinda e’tirof etish lozimki, yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi ikki yilda sportni rivojlantirish bo‘yicha 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. So‘nggi besh yilda esa sohaga qariyb 4 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

Bularning barchasi yoshlarni sportga keng jalb qilish, nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini, sha’nini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilarimiz saflarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ana shunday quvonarli natijalar bardavom bo‘lishida sport sohasidagi korrupsion holatlarning oldini olish, adolatsizliklarni bartaraf etish dolzarb ahamiyatga ega.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!