Yangi Buyuk ipak yo‘llari

Yangi Buyuk ipak yo‘llari

Xitoy Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining “Jenmin jibao” gazetasi redaksiyasi tashabbusi bilan 2018 yil 22 oktyabrdan 2 noyabrga qadar "Bir makon – bir yo‘l" shiori ostida jurnalistlarning xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjumanda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ijodiy xodimlari ham ishtirok etdi.

Forum Pekin shahrida, 4 milliondan ortiq nusxada chop etiladigan “Jenmin jibao” gazetasi media markazida hamda mamlakat janubida joylashgan Xaynan orolidagi Xalqaro forumlar markazida o‘tkazildi.

Unda 90 mamlakat va xalqaro tashkilotlar vakillari, 200 dan ortiq OAV rahbarlari, xalqaro va iqtisodiy dolzarb mavzularda qalam tebratuvchi jurnalistlar, 250 dan ortiq faxriy mehmonlar, diplomatlar, xalqaro tahliliy markazlarning ekspertlari ishtirok etdi.

Jurnalistlar qadimgi Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab “Bir makon – bir yo‘l” shiori ostida Sharqdan G‘arbga qarab yo‘naltirilgan temir va avtomobil yo‘llari loyihasi, bu megaloyihaning qurilishi va ishga tushirilishini yoritishda jahon OAV oldida turgan vazifalar va jurnalistlarning o‘zaro hamkorligi masalalarini muhokama qildi.

"Jenmin jibao" gazetasining prezidenti Li Baoshan forumga yig‘ilgan jurnalistlarni muborakbod etar ekan, katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan bu ulug‘ va savobli ishda ularga muvaffaqiyat tiladi.

Forum ishining birinchi kuni jurnalistlar Xitoyning janubida joylashgan qadimda qoloq, aholisi qashshoq, chor atrofi botqoq bo‘lgan Xaynan orolining bugungi hayoti bilan tanishdi. Bu orolda so‘nggi 30 yil ichida dengiz qirg‘og‘ida qad ko‘targan, qudratli yuk ortish va tushirish kranlari ishlab turgan yirik bandargohlarni, g‘aroyib shaklda barpo etilgan, sharoitlari bo‘yicha dunyoda ikkitagina bo‘lgan yetti yulduzli, ko‘p qavatli zamonaviy “Atlantik” va boshqa mehmonxonalarni, neft, ho‘l meva, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalarni, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy shahar va qishloqlar qiyofalarini ko‘rib, qarovsiz, tashlandiq orol bir avlod umri mobaynida dunyodagi eng zamonaviy kurort shaharga aylantirilganining shohidi bo‘ldi.

Ma’lumki, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 2013 yil sentyabr oyida Yevroosiyo davlatlariga murojaat qilib, yangi Buyuk ipak yo‘lining Iqtisodiy loyihasiga bag‘ishlangan rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Unda Xitoy rahbari Yevropaga qarab yangi Buyuk ipak temir yo‘lini hamkorlikda qurish tashabbusi bilan chiqdi. Shu yilning oktyabr oyida Indoneziyaga tashrifi chog‘ida XXI asrning yana bir yirik loyihasi – Yevropaga qarab Buyuk ipak suv yo‘lini ishga tushirish, Sharqdan Yevropaga qadar bo‘lgan dengiz va okean qirg‘oqlarida qo‘shimcha zamonaviy bandargohlar qurish yuzasidan ASEAN davlatlariga qarata murojaat bilan chiqdi.

Xitoy rahbari yangi Ipak yo‘lining Iqtisodiy masalalari bo‘yicha “Yagona taqdirga ega insoniyat” nomli konsepsiyasini taklif etdi. Mazkur konsepsiya jiddiy va murakkab bo‘lishiga qaramay, nihoyatda puxta ishlangan. “Global boshqaruv”da: siyosiy kelishuv yo‘llarini qidirish, yagona infratuzilma tarmog‘ini yaratish, savdo aloqasini yaxshi yo‘lga qo‘yish, valyuta-moliyaviy oqimiga keng yo‘l ochish, insoniyat hayotining turli tarmoqlaridagi amaliy hamkorlikda gumanitar aloqalarni rivojlantirish kabi beshta muqobil variantni o‘z ichiga oladi.

Xitoy tashabbuslar bilan qanoatlangani yo‘q. Qisqa vaqt ichida bu loyihalarni amalga oshirish uchun Hukumatning taraqqiyot va reformalar qo‘mitasi qoshida boshqaruv kanselyariyasini tashkil etdi. Infratuzilma investisiyalari bo‘yicha Osiyo bankini ochdi. Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy hukumati 10 milliard AQSh dollarilik Qo‘shma investisiya fondini yaratdi.

Xolisona, yaxshi niyat bilan puxta o‘ylanib qilinayotgan va samarasi shundoqqina ko‘rinib turgan bu loyiha jahonda yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Mag‘rib bilan Mashriqni bog‘lab turadigan qit’alararo temir yo‘l qurilishiga BMTga a’zo davlatlarning qariyb yarmi shu zahoti o‘z xayrixohligini bildirdi. Bugunga qadar bu g‘oyani amalga oshirishga 100 dan ortiq mamlakat rozilik berib, megaloyihada ishtirok etish istagini bildirdi. Hozirning o‘zida yo‘lni hamkorlikda qurish bo‘yicha 80 dan ortiq davlat bilan shartnomalar imzolandi. Loyihani, shuningdek, BMT, SHHT, BMT Xavfsizlik kengashi, BMTTD, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi umumjahon xalqaro tashkilotlari ham qo‘llab-quvvatladi.

Xitoy iqtisodiy aloqalarni, savdo-sotiqni rivojlantirish bo‘yicha dunyoda butun bir inqilob qilayapti, desa bo‘ladi. Sababi, yangi Buyuk ipak (temir) yo‘li nafaqat davlatlararo savdo-sotiqni rivojlantirishga xizmat qiladi, balki yangi yirik zamonaviy ishlab chiqarish tizimini yaratishga zamin yaratadi.

Biz uchun yana bir muhim tomoni shundaki, Toshkent temir yo‘l vokzalidan Xitoy, Pokiston, Hindistonga hamda Parij, Rim, Berlin yoki Fransiya bilan Angliyani ajratib turadigan dengiz qo‘ltig‘idan tunnel orqali tezyurar poyezdlarga o‘tib, Londonga borish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu, shuningdek, Osiyo, jumladan, Markaziy Osiyo va Yevropa qit’alari mamlakatlari iqtisodiyotini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi, zamonaviy texnologiyalarni olib kiradi, yuqori samarali ilg‘or ish uslublari joriy etiladi. Malakali ishchilar, mutaxassislar qatlami shakllanadi.

Xitoy loyihasida Hind okeani qirg‘og‘idan boshlanadigan temir yo‘lning Yevroosiyodagi uchta yirik makromintaqa: Markaziy Osiyo va Rossiya, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo orqali Yevropaga chiqish geografik yo‘nalishlari belgilangan. E’tibor bersangiz, dunyodagi eng uzun bu yo‘lning uchta makromintaqasi yo‘nalishining ikkitasi Markaziy Osiyo (beshta mamlakat bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston) orqali Yevropaga chiqadi.

Shu kunga qadar biz bitta, u ham bo‘lsa, tuyalar va arg‘umoqlar yuradigan Buyuk ipak yo‘lini bilar edik. Mana, endi qadimgi bu yo‘l qatoriga Sharqdan Yevropaga qarab temir, avtomobil va dengiz yo‘llari ochilmoqda.

Bugungi jadal sur’atlar bilan taraqqiy etayotgan jahonning talab va ehtiyojlari shunchalik yuqoriki, bu masala va muammolar o‘zining yangi global yechimini kutayapti. Katta sur’atlar bilan rivojlanayotgan Xitoy iqtisodiyoti kundan-kunga mustahkamlanib, ko‘plab mamlakatlar oldida eng ishonchli hamkor mavqeini egallamoqda, xorijiy davlatlarga kattadan-katta investisiyalar kiritmoqda. Ekspertlarning fikricha, 2030 yilga borib Xitoy har bir davlat uchun muhim ko‘rsatkich bo‘lgan yalpi ichki maxsulot ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallashi mumkin. Xitoy aholisi hozirning o‘zida mahsulot xarid qilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha yer yuzidagi barcha mamlakatlardan o‘zib ketdi.

Xitoy xalq diplomatiyasi assosiasiyasining Bosh kotibi Chjao Siyuanning ta’kidlashicha, o‘tgan besh yil ichida “Bir makon – bir yo‘l” atrofida joylashgan davlatlar bilan Xitoyning tovar ayirboshlash hajmi 5 trillion dollarni tashkil etdi. Xorijiy davlatlarga chiqargan investisiyasi esa 70 milliard dollardan oshib ketgan.

Anjumanda “Bir makon – bir yo‘l” xalqaro forumining navbatdagi majlislaridan biri O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi ta’kidlandi.

Jurnalistlar xalqaro forum doirasida Xitoy Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi rahbariyati qabulida bo‘ldi.

Mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqidagi maqola “Jenmin jibao” gazetasida chop etildi. Maqola xitoylik ijodkorlar tomonidan iliq kutib olindi. Forum doirasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va “Jenmin jibao” gazetasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Toshkentdagi Sharqshunoslik instituti qoshida Xitoy mutaxassislari ishtirokida “Bir makon – bir yo‘l” ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish masalasi qo‘rib chiqilmoqda.

O‘zaro kelishuvga binoan yangi Buyuk ipak yo‘llari to‘g‘risida OAV o‘rtasida muntazam axborot almashib turishga, adabiy-publisistik to‘plam tayyorlab, uni 6 tilda chop etish va tarqatishga qaror qilindi.
 

Manba: uza. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!