Yakunlangan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitida nimaga erishildi?

Yakunlangan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitida nimaga erishildi?

Shveysariyada Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti Byurgenshtok deklarasiyasining imzolanishi bilan yakunlandi. Bu haqda mahalliy NZZ gazetasi yozdi.

Qayd etilishicha, Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha konferensiyaning yakuniy deklarasiyasini 101 delegasiyadan 84 tasi qo‘llab-quvvatlagan.

Deklarasiyani imzolashdan bosh tortganlar orasida Armaniston, Slovakiya, Janubiy Afrika, Hindiston, Vatikan kabi davlatlar bor.

Shartnomani Germaniya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Argentina, Qatar, Moldova kabi mamlakatlar imzolagan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, Yevropa Parlamenti va Yevropa Komissiyasi imzolagan tashkilotlar qatoriga kiradi.

Yakuniy deklarasiyaning aniq mazmuni oshkor etilmagan.

"Atom energiyasi va yadro ob’ektlaridan har qanday usulda foydalanish xavfsiz, ishonchli, himoyalangan va ekologik toza bo‘lishi kerak. Oziq-ovqat xavfsizligi hech bir holatda qurolga aylanmasligi kerak. Savdo kemalariga, fuqarolik portlariga va marshrut bo‘ylab hujumlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, barcha harbiy asirlar ozod qilinishi shart. Barcha deportasiya qilingan va noqonuniy ko‘chirilgan ukrainalik bolalar va boshqa noqonuniy hibsga olingan ukrainalik fuqarolar vataniga qaytarilishi shart", deydi bu haqdagi jurnalistlarning savoliga javob bergan Shveysariya Konfederasiyasi prezidenti Viola Amxerd.

Avvalroq kommyunikeda Zaporojye atom elektr stansiyasining ishlashi, yadro qurolidan foydalanish, Qora va Azov dengizlaridagi dengiz portlariga kirish, shuningdek, asirlarni ozod qilish kabi bir qancha masalalar bo‘yicha mamlakatlar pozisiyalari taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, Shveysariyaning Byurgenshtok shahridagi sammit 15-16 iyun kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Dastlab sammitga 160 mamlakat va tashkilot taklif qilingan edi. Xitoy, Braziliya va Saudiya Arabistoni va boshqalar ishtirok etishdan bosh tortdilar. Rossiya sammitga taklif qilinmadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!