Xitoyda eng yirik savdo ko‘rgazma – Canton yarmarkasi boshlandi

Xitoyda eng yirik savdo ko‘rgazma – Canton yarmarkasi boshlandi

Guanchjou shahrida Xitoy import va eksport ko‘rgazmasining 135 sessiyasi o‘z ishini boshladi. Bu tadbir mamlakatdagi eng yirik savdo ko‘rgazmasi sifatida tanilgan.

“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, yarmarkada 30 mingga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda. Ularning 680 tasi xorijiy bo‘lib, 4300 ta korxona o‘z mahsulotlarini ilk bor namoyish etmoqda.

Joriy yilning 5 mayiga qadar davom etadigan ko‘rgazmaning umumiy maydoni 1,55 million kvadrat metr. Ko‘rgazma-yarmarkada dunyoning 200 ga yaqin davlatidan 145 ming xaridor ro‘yxatdan o‘tgan. U yerda milliondan ortiq yangi mahsulotlar namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 1957 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur yarmarka Xitoy tashqi savdosining barometri hisoblanadi. Bu tashrif buyuruvchilar va ishtirokchi kompaniyalar soni, savdo bitimlari va taqdim etilgan mahsulot turlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik ko‘rgazmalardan biri. Xitoy Savdo vazirligi va Guandun provinsiyasi ma’muriyati hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazma yiliga ikki marta – bahor va kuzda o‘tkaziladi.

Ma’lumot o‘rnida, Xitoy eksport qilinadigan tovarlarning umumiy qiymati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda, import qilinadigan tovarlar qiymati bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Jahon banki statistikasiga ko‘ra, nominal yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan Xitoy iqtisodiyoti jahon iqtisodiyotiga katta ta’sir ko‘rsatadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!