O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitusiyasida sud hokimiyatining huquqiy asoslari

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishdagi muhim shartlardan biridir.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.
Joriy yilning 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi Konstitusiyamizda sud-huquq sohasida ham muhim yangiliklar o‘rin olgan. Ular shubhasiz fuqaroning haq-huquqlarini himoya qilishda sudning rolini oshirish, har qanday nizoli masala sud tomonidan adolatli yechim topishiga qaratilgan.
Ma’lumki, sud tizimining dastlabki konstitusiyaviy huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida o‘z aksini topgan. Konstitusiyaning yigirma ikkinchi bobi “O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati” deb nomlanib, ushbu bob 11 ta moddadan iborat edi.
Umumxalq muhokamasi natijasida yangi tahrirdagi Konstitusiya loyihasi hajm jihatdan bir muncha kengayib, 11 ta moddadan iborat “Sud hokimiyati” deb nomlangan XXIII bob bilan o‘zgartirildi.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi kabi konstitusiyaviy normalar kiritildi.
Shuningdek, Konstitusiyaviy sud sudyalarini qayta saylanish huquqisiz 10 yilga saylash tartibi belgilandi. (eski tahrirda birinchi marta 5 yilga, keyin 10 yilga saylanishi nazarda tutilgan).
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini ham besh yillik muddatga saylashi alohida qayd etilib, muddatlar aniqlashtirildi. (eski tahrirdagi konstitusiyada bu muddat belgilanmagan edi).
Konstitusiyaviy sudning vakolatlari kengaytirilib, unga referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish vakolati berildi.
Bundan tashqari, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitusiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli ekanligi kabi qoidaning konstitusiyada o‘z aksini topganligi fuqarolarning huquq va erkinliklarining ta’minlashning huquqiy kafolati bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuningdek, yangilangan konstitusiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash tartibi va muddatlari haqidagi qoidalar ham o‘z aksini topdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emasligi belgilandi.
Yangilangan konstitusiyada sudlarning mustaqilligini ta’minlash yuzasidan kiritilgan muhim o‘zgarishlardan yana biri 136 va 140-moddalarda o‘z aksini topdi.
Unga ko‘ra, sudyalarning muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi, davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlashi, sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga, uning vakolatlarini bekor qilishga yoki to‘xtatib turishga, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi va sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emasligi kabi normalar belgilandi.
Shuningdek, sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan amalga oshiriladi hamda u odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligi alohida qayd etildi.likasiKonstitusiyaviy
Konstitusiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirishlar bilan sudyalar mustaqilligi va odil sudlov tizimining konstitusiyaviy asoslari mustahkamlandi.
Ma’lumki, odil sudlovni amalga oshirish jarayonida sudyaning o‘zi va uning oila a’zolari hamda ularning mol-mulkiga nisbatan turli tahdidlar bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda sudya doim xavotirda bo‘lishi tabiiy. Bu esa, o‘z navbatida, sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat bo‘lishiga to‘sqinlik qilishi aniq.
Shu sababli sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini har doim his qilib turadigan huquqiy mexanizm barqaror ishlashi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri — sudya va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlash davlatning majburiyati sifatida Konstitusiya darajasida mustahkamlanmoqda.
N.Raimkulov, Farg‘ona viloyat sudining sudyasi