Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi qanday muddatga tuziladi?

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi qanday muddatga tuziladi?

Davlat soliq qo‘mitasi qarori bilan ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, ko‘chmas mulk ijara shartnomalari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda tuziladi va davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 612-moddasiga muvofiq uy-joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u besh yilga tuzilgan hisoblanadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan Uy-joyni ijaraga berish shartnomalari mazkur namunaviy shaklga muvofiq yoki O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan ixtiyoriy shaklda tuziladi.

Taraflarning kelishuviga binoan Uy-ro‘zg‘or buyumlarini topshirish-qabul qilish va kommunal to‘lovlar uchun o‘rnatilgan o‘lchov asboblarining ko‘rsatkichlarini qayd qilish dalolatnomasi muvofiq shaklda Uy-joyni ijaraga berish shartnomalariga ilova qilinishi mumkin.

Ijaraga beruvchi yoki uning vakili (ishonchli boshqaruvchi) ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) ko‘chmas mulk ijara shartnomasini majburiy hisobga qo‘yish haqida so‘rovnoma;
b) ko‘chmas mulk ijara shartnomasi;
v) ijaraga beruvchi jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs rahbarining shaxsini tasdiqlovchi, vakilning (ishonchli boshqaruvchining) vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi.

Mazkur bandda ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlardan tashqari boshqa qo‘shimcha hujjatlarni talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijaraga beruvchi yoki uning vakili (ishonchli boshqaruvchi) ko‘chmas mulk ijara shartnomasini shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay davlat soliq xizmati organida hisobga qo‘yishi shart.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomasining oylik ijara to‘lovi summasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yishda to‘lov undirilmaydi.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomasini hisobga qo‘yish ijaraga beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.

Bunda, ijaraga beruvchi tomonidan shaxsiy kabinet orqali so‘rovnoma to‘ldiriladi va unga ko‘chmas mulk ijara shartnomasi hamda ijaraga beruvchi jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs rahbarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi biriktiriladi.

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!