O‘tgan yilda Andijonda kambag‘allik 11,9 foizdan 9,5 foizga tushgani bilan respublikada 9-o‘rinda turibdi

Joriy yildan boshlab tomorqadan foydalanish bo‘yicha yangi tizim ishlamoqda. Masalan, Asaka tumani Otash mahallasidagi 810 ta xonadondan 805 tasida issiqxona bor, ularda yiliga 3 marta hosil olinayapti. Xuddi shunday, Obod mahallasidagi 922 ta xonadon egalari issiqxonalardan samarali foydalanyapti.
Viloyatdagi qolgan 907 ta mahallada ham bu tajribadan unumli foydalanish muhimligi qayd etildi. Mutasaddilarga Asakadagi mahallalarga arzon urug‘ va mineral o‘g‘it yetkazib berish tizimini butun respublikada joriy qilish topshirildi. Bu tizim orqali urug‘ va o‘g‘it 15 foizgacha arzon sotilmoqda.
O‘tgan yilda Andijonda kambag‘allik 11,9 foizdan 9,5 foizga tushgani bilan respublikada 9-o‘rinda turibdi.
Baliqchi va Oltinko‘lda 5 gektardan issiqxona tashkil qilinib, 100 ta ehtiyojmand oila daromadli qilindi. Issiqxona kambag‘al oilalarga 10 sotixdan ikki yilga ijaraga berilgan. Yiliga 3 marta hosil olish hisobiga har bir oila 150-200 million so‘mdan daromad topadi. Tadbirkor ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va yoqilg‘ini yetkazib berib, hosilni o‘zi sotib oladi.
Bu ishlar kambag‘allik yuqori Ulug‘nor, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bunday zamonaviy issiqxonalarni namunaviy tashkil qilgan mahalla raislariga 100 foiz ustama beriladi.