Tramp musulmon Zohran Mamdaniga tahdid qildi
Tramp Nyu-York merligi saylovida Demokratik partiya nomzodi, musulmon Zohran Mamdani g‘alaba qozonsa, shahar uchun federal moliyalashtirishni cheklash bilan tahdid qildi, deb xabar bermoqda BBC.
AQSh prezidenti o‘z tarafdorlarini Nyu-York shtatining sobiq gubernatori Endryu Kuomoga ovoz berishga chaqirdi.
Kuomo — Demokratik partiya a’zosi bo‘lib, u partiyaning dastlabki saralash bosqichida (praymerizda) Mamdaniga yutqazgach, Nyu-York merligi saylovida mustaqil nomzod sifatida qatnashmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, so‘rovnomalar natijasi Mamdanining Kuomodan oldinda ekanini ko‘rsatmoqda.
"Sizga Endryu Kuomo yoqadimi yo‘qmi hozirgi holatda boshqa tanlov yo‘q. Siz unga ovoz berishingiz va u ishini a’lo darajada bajarishiga umid qilishingiz kerak. U bunga qodir, ammo Mamdani — yo‘q!", — deb yozdi AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
"Men tajribasiz kommunistdan ko‘ra muvaffaqiyatli faoliyatga ega demokratning g‘alabasini afzal ko‘raman. Agar Mamdani g‘alaba qozonsa, men Nyu-York uchun federal mablag‘larni ajratishni eng zarur darajagacha qisqartirishim ehtimoldan yiroq emas", — deya qo‘shimcha qildi Donald Tramp.
"Respublikachilar butun saylov kampaniyasi davomida Mamdanining nomzodini tanqid qilib kelishgan, Tramp esa uni “kommunist” deb atagan. Iyun oyida 34 yoshli siyosatchi Demokratik partiya praymerizida kutilmagan yirik g‘alaba bilan siyosiy sharhlovchilarni hayratda qoldirgan edi", deya yozmoqda BBC.
Mamdanining dasturida Nyu-Yorkning eng boy fuqarolari uchun soliqlarni oshirish, ijara stavkalarini muzlatib qo‘yish va davlat tomonidan uy-joy subsidiyalarini ko‘paytirish takliflari mavjud.
