Tramp “Green Card” lotereyasini butunlay tugatmoqchi

Tramp “Green Card” lotereyasini butunlay tugatmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni yangi immigrasion siyosat rejasini taqdim qildi, unda qarindoshlik munosabatlariga emas, balki yuqori malakali mutaxassislarga alohida e’tibor qaratiladi.

Ayni damda qonuniy muhojirlarning 66 foizi AQShga qarindoshlik munosabatlari bilan, atigi 12 foizi esa malaka va ishga joylashish asosida keladi.

Trampning fikriga ko‘ra, yuqori malakali mutaxassislarga beriladigan immigrasion kvota besh barobar oshirilishi kerak.

Yangi tizim AQShga keladigan muhojirlarning nomzodini qo‘lga kiritilgan ballar orqali aniqlaydi, yoshi, bilimi, ingliz tilini bilish darajasi va ariza beruvchining yaxshi maosh oladigan ish joyi e’tiborga olingan holda yuqori malakali ishchilarga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu kabi migrasion tizim Avstraliya, Kanada va Yangi Zelandiyada mavjud.

AQShda qonuniy muhojirlarning yillik maoshi 2018 yilda taxminan 43 ming dollar atrofida bo‘ldi.

Trampning rejasiga ko‘ra, mamlakatga bilimi va malakasiga binoan kiritiladigan xorijliklar bir yilda uch barobar ko‘p 126 ming dollargacha daromad topishlari kerak.

Tramp rejasiga ko‘ra, 1991 yildan beri o‘tkazib kelinadigan muqim yashash uchun beriladigan mashhur (Green Card) lotoreyasi tugatiladi.

Bu lotoreya har yili taxminan 50 ming muhojirga viza berar edi. Endilikda lotoreyaning o‘rniga yangi dastur ishga tushiriladi, unda kasb sohasida tanilgan iste’dodli nomzodlarga afzallik beriladi. Gumanitar nuqtai nazardan beriladigan vizalar 22 foizdan 10 foizga kamaytiriladi.

Reja hayotga tatbiq etilishi uchun Oq uy uni Kongressda himoya qilishi kerak bo‘ladi.

Kongressdagi Demokratik partiya rahbarlari taqdim qilinishidan avvalroq Tramp rejasiga qatiyan qarshi chiqishdi.

Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer Tramp rejasini nojiddiy deya atadi.

Ayrim ekspertlarning fikricha, prezidentlik saylovlari arafasida Tramp ma’muriyati bahsli masala bo‘yicha demokratlar bilan kelishuvga erishishi amrimahol, deya yozdi Associated Press .


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!