Toshkentda oliy ma’lumotli firibgar qo‘lga olindi

Toshkentda oliy ma’lumotli firibgar qo‘lga olindi

Mamlakatimizda ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga, yoshlarimizning oliy ma’lumot olishiga alohida e’tibor qaratilayapti. Qo‘shnidavlatlarning oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik yoshlarga yurtimizdagi ilm dargohlarida o‘qishini davom ettirishga ruxsat berilganligi yoshlar uchun katta imkoniyat eshiklarini ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.Bu yangilikdan xalqimiz xursand. Ammo guruch orasida kurmak bo‘lgani kabi, bu qulayliklardan o‘z manfaati yo‘lida, ya’ni cho‘ntagini qappaytirib qolishni ko‘zlayotganlar ham borligi achinarlidir.

Toshkent shahrida tug‘ilgan, 44 yoshni qoralab ulgurgan, bugungi kunda Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Salar” QFYda istiqomat qilayotgan Axror Mullajonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan — tahririyat) ana shunday firibgarlardan chiqib qoldi.  

Oliy ma’lumotli, oilali, bir farzandning otasi A. Mullajonov jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2009 yil 21 avgustdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismi bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan, sudlanganlik holati tugallangan.

2020 yilning may oyida fuqaro A. Tursunov taksida yo‘lovchilar bilan suhbatlashib ketayotganida, yo‘lovchilardan biri oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga joylashtirib qo‘yishi mumkinligini aytadi. A. Tursunov iltimos qilgach, Axror unga telefon raqamini beradi. Iyul oyining boshlarida esa Axror kutganiday Tursunov unga qo‘ng‘iroq qilib, o‘qishga kirmoqchiligini, shu masalada yordam berishini so‘raydi. Axror tuzog‘iga tushgan A. Tursunov bilan 2020 yil 10 iyul kuni Qibray tumani “O‘nqo‘rg‘on” QFYdagi “Iffat” to‘yxonasi oldida uchrashadi va unga bu ish “osongina” bitmasligini tushuntiradi, yuqori lavozimda ishlaydigan tanishlari borligi, o‘shalar orqali o‘qishga joylashtirib qo‘yishini aytadi. Buning mushkul tomonlari ko‘pligini, Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahridagi “SILK WAY” xalqaro universitetida 1 yil o‘qiganligi haqida qalbaki hujjat qilib berishini, bu ma’lumotnoma bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti yoki Toshkent irrigasiya institutiga go‘yoki o‘qishni ko‘chirib o‘tkazgan hisoblanib, 2-bosqichdan o‘qishni davom ettirishi mumkinligini aytadi. Ammo bu ishlar quruqdan-quruq bo‘lmasligini, “mansabdor” tanishi bu ishlarni hal qilishi uchun 3 000 AQSh dollari so‘rayotganligini aytadi.

Avvaliga Ahmad Tursunov uning va’dalariga ishonadi. Yiqqan-terganini to‘plab, yetmaganiga qarindosh-urug‘laridan qarz olishni mo‘ljallaydi.

Tunni tongga ulab kitob o‘qimasdan, hatto universitetga hujjat ham topshirmasdan birdaniga oliy ta’lim muassasasining 2-kurs talabasi bo‘lib qolish kimga ham yoqmaydi, deysiz! Ammo keyinchalik o‘ylanib qoldi: oliygoh talabasi ham bo‘lar. Balki uni tugatib ham olar, ishga ham joylashar. Ammo, bir kunmas-bir kun 1-kursni o‘qimagani ma’lum bo‘lib qolsa-chi? Unda ham puli, ham mehnati kuyib ketmaydimi? Tanish-bilishlari orasida yuzi shuvit bo‘lib qolmaydimi? Ana unda ham ishidan, ham obro‘sidan mosuvo bo‘lishi aniq.

Mana shu fikr unga tinchlik bermadi. Balki 1-kursdan o‘qishini aytganida indamay aytilgan pulni topib, ikki qo‘llab olib borib berardi. Ammo… davlatlararo oliygohlarning hujjatlarida aldamchilik bo‘lsa, buning muammosi mushkul bo‘lishi haqidagi o‘y uni bu ishdan to‘xtatdi.

Nihoyat Ahmad bir qarorga keldi: 2020 yil 11 iyul kuni Davlat xavfsizlik xizmatiga ariza bilan murojaat qildi.

Ahmad Tursunov Axror Mullajonovning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida ma’lum qilgach, 2020 yilning 14 iyul kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari uning arizasidagi vajlarni tekshirib ko‘rish uchun tezkor tadbir tashkil qiladi va ikki nafar xolis ishtirokida unga kimyoviy ishlov berilgan 3 000 AQSh dollari hamda ovoz yozish moslamasi taqdim qilishadi.

Sudda aniqlanishicha, A. Mullajonov o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida 2020 yil 14 iyul kuni soat 16:00 da Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Universitet” ko‘chasida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti to‘g‘risidagi avtoturargoh oldiga boradi. U yerda Ahmad Tursunovdan o‘sha vaqtdagi bank kursi bo‘yicha qiymati 30 570 000 so‘mga teng bo‘lgan 3 000 AQSh dollarini sanab olib, hujjatlar bilan qo‘shib cho‘ntagiga soladi. Shu payt ularning oldiga fuqarolik ki­yimida kelgan shaxslar o‘zlarini departamant xodimlari deb tanishtirib, Yunusobod tumanida joylashgan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti binosiga olib borishadi…

Axror Mullajonov sudda ukasi E. Mirzabekov 2019 yil iyul oyida avtoavariyaga uchrab nogiron bo‘lib qolganligini, karantinda oilasi moddiy tomondan qiynalib, pulga muhtoj bo‘lganligini, Ahmad Tursunovdan olgan pullarni ukasining operasiyasi uchun ishlatib, keyin bu pullarni qaytarib bermoqchi bo‘lganligini, oilasini moddiy ta’minlash uning bo‘ynida ekanligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

A. Mullajonovga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61-modda (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) lari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Biron qonunga xilof ishni qilib, jinoiy javobgarlikka tortilganlar ko‘pincha qilayotgan ishining jinoyat ekanligini bilmasdan qilganligini ta’kidlab, panjara ortida o‘tayotgan umriga achinishadi, qilgan ishidan afsuslanishadi. Axror Mullajonov-chi? Oliy ma’lumotli bo‘la turib, o‘zi va o‘zgalar haq-huquqlarini bila turib jinoyatga qo‘l urdi. Buning ustiga ikkinchi bor sudning qora kursisiga o‘tirdi. Oliy ta’lim olib, davlatimiz yaratgan imkoniyatlardan foydalangan, halol mehnati bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi lozim bo‘lgan A. Mullajonovning ikki bor jinoyatga qo‘l urishi insoniylikning hech qaysi ko‘rinishiga to‘g‘ri kelmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!