Toshkentda “Iphone 8+” firibgarlari fosh bo‘ldi
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mirzakalon Ismoiliy mahallasida sayyor sud yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi Farrux To‘raxo‘jayev raisligida o‘zgalar mulkini firibgarlik bilan talon-taroj qilishni maqsad qilgan A.D. va I.N. qilmishi mahalla fuqarolari ishtirokida ko‘rib chiqildi.
A.D. muqaddam sudlanib, 1 yil axloq tuzatish ishiga jalb qilingan edi. Biroq, o‘z qilmishi va tayinlangan jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Yana jinoyatga qo‘l urdi.
U hamtovog‘i I.N. bilan jinoiy til biriktirgan holda, fuqaro M.S.ga tegishli “Iphone 8+” rusumli telefon apparatini 7 million so‘m evaziga sotib olishini aytadi. So‘ngra oldindan tayyorlangan, faqat ustki qismlari 5 ming so‘mlik, orasida esa 200 so‘mlik kupyuralar bo‘lgan pul o‘ramlari, jami 370 ming 800 so‘mni berib, jabrlanuvchining telefonini qo‘lga kiritib, hodisa joyidan g‘oyib bo‘ladi.
Qing‘ir yo‘l bilan pul topishga o‘rgangan firibgarlar “OLX.UZ” saytida telefonini sotish uchun e’lon bergan D.G.ni ham chuv tushirmoqchi bo‘ladi. Firibgarlar telefon narxini 850 AQSh dollariga kelishib oladi. IIB xodimlari taftish o‘tkazish vaqtida, ular qo‘lga olindi.
Sayyor sudda ular qilgan ishidan pushaymonligini, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplanganini bildirib, yengillik berishni so‘radi. Jabrlanuvchi M.S. zarar to‘liq qoplanganini, sudlanuvchilarga da’vosi yo‘qligini, D.G. unga zarar yetmagani, sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qildi.
Sud dalillar va guvohlar fikrini o‘rganib, A.D.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil, I.N.ga esa xuddi shu tartibda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
O‘zA
