Toshkentda ayol o‘z erini pichoqladi. Sababi instagram

Toshkentda ayol o‘z erini pichoqladi. Sababi instagram

Yurtimizda ayollar kelajak yaratuvchilarining tarbiyachisi, mehribon ona, sadoqatli umr yo‘ldoshi hamda jamiyatda o‘z mavqeiga ega faol inson sifatida hurmat qilinadi va e’zozlanadi. Kundalik hayotimizda esa turli toifaga mansub ayollarni uchratishimiz mumkin. Ularning ba’zilari kimlardir tomonidan jabrlangan bo‘lsa, ayrimlari boshqalarga jabr qilib, “qahramonlik” ko‘rsatishadi. Quyida o‘zini xuddi shunday “qahramon” sifatida namoyon etgan ayol haqida hikoya qilamiz.

Shar’iy turmush o‘rtog‘ining ko‘ksiga pichoq sanchdi

Sudlanuvchi Nazira (ismlar o‘zgartirilgan) o‘zi ishlab kelayotgan klinik shifoxona qabulxonasida bo‘la turib, sha’riy nikohidagi turmush o‘rtog‘i Jasur bilan o‘rtalarida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida, qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan qasddan Jasurning chap ko‘krak qismiga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi bergan xulosaga ko‘ra, Jasurda ko‘krak qafasi chap tomoni 7-qovurg‘a sathidan ko‘krak bo‘shlig‘iga kirib, diafragmani jarohatlab, qorin bo‘shlig‘iga o‘tuvchi sanchilgan-kesilgan yara, chap tomonlama qovurg‘alararo arteriyaning jarohatlanishi, ko‘krak bo‘shlig‘iga qon quyilishi (gemotoraks) kabi jarohatlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu jarohatlar yetkazilish vaqtida hayot uchun xavfli bo‘lgan, og‘irlik darajasi bo‘yicha og‘ir tan jarohatlari toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

“Jiddiy jarohat olganligini kasalxonaga tushganidan so‘nggina bildim...”

Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan Nazira e’lon qilingan aybiga iqror emasligini bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

— Jasur bilan 2019 yil noyabr oyidan beri shar’iy nikohdan o‘tib, yashab kelaman. Turmushimizdan bir nafar farzandimiz bor. O‘sha voqea sodir bo‘lgan kuni turmush o‘rtog‘im ishxonamga keldi. Birgalikda ishxonam yaqinida joylashgan oshxonada ovqatlanib o‘tirganimizda telefonimga “Instagram” ijtimoiy tarmog‘i orqali audio-xabar keldi. Buni ko‘rgan erimning jahli chiqib, baqirgancha haqorat qila ketdi. Begona odamlar oldida sharmanda qilganidan uyalib, ishxonamga kirib ketdim. U esa orqamdan kelib, tahdid qilgancha, janjalni davom ettirdi. Erimdan ketishni, sharmanda qilmaslikni iltimos qilib, qabulxonaga kirdim. U yerga kirganimda pichoqqa ko‘zim tushib, uni qo‘limga oldim. Agar pichoqning o‘rnida boshqa narsa turganida ham jahl ustida qo‘lga olgan bo‘lardim. Erimdan yana bir bora ketishni talab qildim, ammo uning o‘zini bosa olmayotganini ko‘rib, pichoqni bir-ikki marotaba silkitdim. Erim yaqinlashib, qo‘limdan pichoqni olib qo‘ydi. Talashish jarayonida ikkalamizning qo‘limizni pichoq kesib ketdi. Shundan so‘ng ham erim bir soatlar davomida ishxonamda bo‘lib, keyin ketdi. Uning jiddiy jarohat olganligini kasalxonaga tushganidan so‘nggina bildim. Janjal vaqtida erim meni qattiq haqorat qilgani uchun shok holatiga tushib qolganim sababli, bo‘lib o‘tgan voqeani to‘liq eslay olmayman. O‘sha paytda erimning kiyimidagi qonni ko‘rib, o‘zimning kesilgan qo‘limdan oqqan qon tekkan, deb o‘ylabman. Shu kuni turmush o‘rtog‘imga qasddan tan jarohati yetkazish niyatim yo‘q edi. Hozirda biz yarashib, bir oila bo‘lib yashab kelyapmiz. Shularni inobatga olib, menga yengillik berishingizni so‘rayman.

Hukm o‘qildi

Sudlanuvchi Nazira Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismining “l” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Unga nisbatan JKning 72-moddasini qo‘llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilandi.

Abror SAIDOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi raisi,

Lola SHOIMOVA, jurnalist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!