Test natijalari tahlil qilindi

Test natijalari tahlil qilindi

Milliy matbuot markazida 2018-2019 o‘quv yilida oliy harbiy va oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tgan test sinovlari yakuni bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini adolatli, xolis va shaffof o‘tkazish orqali bilimli yoshlarning o‘qishga qabul qilinishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Davlat test markazi mas’ullari mavzuga doir ko‘plab ma’lumotlarni aytdi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan joriy yil 5 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasi tasarrufidagi 8 oliy harbiy ta’lim muassasasida test sinovlari o‘tkazildi. Bu yil 6 ming 66 (2017 yil 7 ming 680) nafar abituriyentdan ariza tushgan bo‘lib, test sinovlarini o‘tkazish uchun Toshkent va Jizzax shaharlarida joylashgan 5 katta sig‘imli bino va pavilyonlardan foydalanildi.

– Test sinovlarida 5 ming 876 nafar abituriyent ishtirok etgan bo‘lsa, 60 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida qatnashmadi, – deydi Davlat test markazi test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Noraliyev. – 130 nafari esa test qoidalarini buzgani tufayli sinovdan chetlatildi. Natijalar o‘z vaqtida hisoblanib, e’lon qilindi. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan va test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlardan e’tiroz tushmagan.

Prezidentimizning 2018 yil 4 iyundagi “2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasiniing oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga ko‘ra, joriy yilda kunduzgi, maxsus sirtqi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha 814 ming 952 (2017 yilda 729 ming 947) nafar abituriyent hujjat topshirdi. Bir o‘ringa 8,9 (2017 yilda 11,0) nafar abituriyent to‘g‘ri keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universitetida davlat granti 223,5 va to‘lov-kontrakt bo‘yicha 176,7 eng yuqori o‘tish ballari to‘plangan.

Tadbirda soha mutaxassislari barcha ta’lim shakllari bo‘yicha 2018-2019 o‘quv yiliga kirish test sinovlari natijalari xususida so‘z yuritdi. Jurnalistlarning kelgusida test sinovlari jarayonini muntazam rivojlantirib borish, test topshiriqlarining sifatini oshirishga oid savollariga atroflicha javob berdi.

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!