Tehron yadroviy ultimatumga tayyorgarlik ko‘ryaptimi?
AQSh va Isroil tomonidan Eronning yadroviy infratuzilmasiga qarshi uzluksiz hujumlar fonida, Tehron Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan (DNYAQSh) chiqish qaroriga juda yaqinlashdi. Tasnim agentligi xabariga ko‘ra, Eron parlamenti va kuch tuzilmalarida ushbu chorani muhokama qilish faol bosqichga o‘tgan. Eron tomoni asosiy dalil sifatida MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) mamlakatning tinch yadroviy texnologiyalarini himoya qila olmayotganini, bu esa agentlik nizomiga zid ekanini ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, rasmiy Tehron MAGATE rahbari Rafael Grossini Eron ob’ektlariga zarbalarni bilvosita qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda, chunki xalqaro nazoratchi tomonidan hujumlar rasman qoralanmagan.
Eronning bunday qadami global va mintaqaviy xavfsizlik uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. DNYAQShdan chiqish avtomatik ravishda MAGATE inspeksiyalarining to‘xtatilishiga va Eron yadroviy materiallari holati bo‘yicha “uzluksiz nazorat”ning yo‘qolishiga olib keladi. G‘arb tahlilchilariga ko‘ra, bu ochiq yadroviy qurol ishlab chiqishga o‘tish signali bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, bu Yaqin Sharqda “domino effekti”ni keltirib chiqarishi ehtimoli bor: boshqa davlatlar ham o‘z yadroviy himoyasini yaratishga majbur bo‘lishi mumkin, bu esa global miqyosdagi tarqatmaslik tizimini izdan chiqaradi.
Vaziyat yana shunisi bilan murakkablashmoqdaki, Natanz va Fordo kabi yadroviy ob’ektlarga zarbalar radiasiya ifloslanishi xavfi haqidagi ogohlantirishlarga qaramay davom etmoqda. Eron rasmiylari ta’kidlashicha, shartnomadan chiqish yadroviy bomba yaratish istagi emas, balki inspektorlar niqobi ostida olib borilayotgan “josuslik faoliyati”ni to‘xtatish chorasi hisoblanadi.
Biroq xalqaro hamjamiyat bu bayonotlarni mamlakat yadroviy doktrinasini tubdan o‘zgartirishga tayyorgarlik sifatida baholamoqda. Eron allaqachon 60% gacha boyitilgan yetarli miqdordagi uranga ega ekanini inobatga olsak, MAGATE bilan aloqalarning uzilishi diplomatik yechim uchun juda kam vaqt qoldiradi.
