“Tashabbus –2018”: Yana ikkita nominasiya qo‘shildi

“Tashabbus –2018”: Yana ikkita nominasiya qo‘shildi

“Tashabbus –2018” ko‘rik-tanlovining Guliston shahridagi Amfiteatr maydonida bo‘lib o‘tgan Sirdaryo viloyati bosqichida ana shu haqda ma’lumot berildi. Ya’ni bundan buyon tanlov g‘oliblari avvalgidek 3 ta emas, beshta yo‘nalishda aniqlanadigan bo‘ldi. Bular: “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi tadbirkori, “Yilning eng yaxshi fermeri” hamda “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominasiyalaridir.

Viloyat bosqichida tuman-shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 52 nafar ishtirokchi qatnashdi. Oqoltin tumanilik yosh tadbirkor, “Bahodir o‘g‘li Doniyor” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Doniyor Toshpo‘latov tuyaqush boqish bilan shug‘ullanayotganligi bu yilgi tanlov tadbirida o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Doniyorning aytishicha, tuyaqushlarining 25 tasi Afrikaning o‘zidan, yovvoyi tabiati bilan dunyoga mashhur hisoblanmish Kalaxaredan keltirilibdi. Qolgan 28 tasini esa Rishton tumanidagi tadbirkor yetkazib beribdi. “Tuyaqushning nafaqat go‘shti yoki tuxumi, balki patidan tirnog‘igacha daromad keltiradi. Bilishimcha, tirnog‘i olmosga ishlov berishda qo‘llanilar ekan. Shu bois menda ana shu foydali parrandani boqish hamda ko‘paytirish bo‘yicha qiziqish uyg‘ondi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlar tufayli loyihamni amalga oshirdim”, deydi Doniyor Toshpo‘latov.

Yakunda barcha nominasiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!