Shavkat Mirziyoyev shu hafta Xitoyga boradi

Shavkat Mirziyoyev shu hafta Xitoyga boradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 8—10 iyun kunlari Xitoyda bo‘lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Sindao shahrida o‘tadigan o‘n sakkizinchi majlisida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari ilk bor Hindiston va Pokistonning to‘la huquqli a’zo sifatidagi ishtirokida yig‘iladi, tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy va investisiyaviy sheriklikni kengaytirish, transport-kommunikasiya sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalari hamda ko‘p tomonlama kooperasiyaning boshqa jihatlarini muhokama qiladi.

Davlat rahbarlarining majlisi yakunida Sindao deklarasiyasi qabul qilinishi, Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2019—2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2018—2022 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasi, Yoshlarga qo‘shma murojaat va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Fikr almashuvlardan so‘ng 2018—2019 yillarda tashkilotga raislik qiladigan davlat to‘g‘risida qaror qabul qilish, keyingi uch yillik davrga SHHT bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimlariga nomzodlarni tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti SHHT sammiti doirasida ikki tomonlama qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!